Tez tibbiy yordam xizmatchilari sovuq urgan 12 kishini Qirg‘iziston poytaxti kasalxonalariga yetkazdi, deb xabar beradi RIA Novosti.
Sinoptiklar bergan ma’lumotga ko‘ra, 29-yanvar tunida Bishkekda havo harorati 25 daraja sovuqqacha tushib ketgan. Tog‘li hududlarda esa 40-45 daraja sovuq bo‘lgan.
Anomal harorat sabab 26-yanvarda Bishkekdagi yagona issiqlik quvvati markazida avariya sodir bo‘lgan. Oqibatda isitish quvurlaridagi suvning harorati minimal darajaga tushib ketdi. Poytaxt maktablarida o‘quv mashg‘ulotlari to‘xtatilgan. Qahratondan avtomobillardagi yonilg‘igacha muzlab qolmoqda.
Ayni vaqtda favqulodda vaziyatlar bo‘limlari kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda. Bishkekning eng gavjum joylarida isinib olishga mo‘ljalangan vaqtinchalik punktlar tashkil qilingan. Ularda issiq ovqat, qaynoq ichimlik va tunash uchun joylar bor. Olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan tunning o‘zida bu punktlarga 800 dan ziyod odam murojaat qilgan.