Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti turizm sohasi vakillari ishchi guruhining 16-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati va O‘zbekiston respublikasi turizm va sport vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va mamlakatimiz vakillari bevosita, Turkmaniston va Vengriya turizm sohasi mas’ullari onlayn shaklda qatnashdi.

Yig‘ilishda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlat rahbarlarining 2021 yil 12 noyabrda Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan “Tabarruk ziyorat” loyihasi doirasida qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va “Qo‘qon – turkiy dunyo turizm poytaxti” maqomi orqali hamkorlikda hunarmandlar ko‘rgazmalari, etnosport musobaqalari, madaniy merosni saqlash va ta’mirlash kabi tadbirlarni tashkil etishga oid tashabbuslarining ijrosi va boshqa masalalar muhokama etildi.

– 2021 yil 24 iyunda Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlar turizm vazirlarining 6-yig‘ilishida “Tabarruk ziyorat” loyihasi asosida hamkorlikni rivojlantirish belgilanib, Qo‘qon shahri “Turkiy dunyo turizm poytaxti” etib tanlangandi, – deydi Turkiy kengash bosh kotibi o‘rinbosari Mirvohid Azimov. – Mazkur loyiha doirasida tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasida turizm sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish nazarda tutilgan. Yig‘ilishda loyihada ko‘zda tutilgan xalqaro yarmarka, ko‘rgazmalar, festivallar, milliy sport musobaqalarini hamkorlikda o‘tkazish, tashkilotga a’zo davlatlardagi ilmiy markazlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham fikr almashdik.

Anjuman doirasida mehmonlar Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni ziyorat qildi, Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi.

G‘.Hasanov, O‘zA