Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashi hamkorligida Mo‘ynoq tumanidagi «Oq kema» bolalar dam olish markazida Ichki ishlar bo‘limlarida profilaktik hisobda turgan yoshlar uchun o‘quv haftaligi o‘tkazilmoqda.

Tadbirni o‘tkazishdan maqsad, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 yanvarda qabul qilingan «Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashdan iborat.

Mazkur hujjatda yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy qilish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlarning muammolarini bevosita mahallalarda yechish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada orttirish belgilangan. Jumladan, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga ko‘maklashish ham nazarda tutilgan.

Markazda yoshlar yetti kun davomida tegishli organlarning tajribali xodimlari tomonidan psixologik treninglarda qatnashadi, sport musoboqalari va turli tanlovlarda ishtirok etadi.

Ye.Qanoatov, O‘zA