Mamlakatimizda davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Zero, davlat xizmatiga yuksak intellektual salohiyat va yangicha tafakkurga ega, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirgan, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish hozirgi raqobatli mehnat bozorida g‘oyat muhim hisoblanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan edi. Ayni paytda qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bugun Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan davra suhbati ham “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlandi.

Tadbirda qonun loyihasining asosiy maqsadi, ahamiyati, uni qabul qilish orqali davlat boshqaruvi tizimida qanday yangiliklar kirib kelishi, davlat organlarida ishga kirish, faoliyatni tartibga solish va lavozimdan ozod etishning yagona qoidalarini joriy etish ko‘zda tutilgani haqida ma’lumotlar berildi. Mazkur qonun loyihasi normalari faqat Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilariga nisbatan qo‘llaniladi.

Davra suhbatida davlat fuqarolik xizmatchilarning daromadi va mol-mulkini deklaratsiyalash tizimini joriy etish, davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya qilish kabi qoidalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy himoyasiga, yagona ish haqi tizimi, rag‘batlantirish va jazo choralari tartibi, ijtimoiy ta’minot, shuningdek, mehnat qonunchiligiga rioya etilishining huquqiy kafolatlari kabi qoidalari muhokama qilindi. Deputatlar, ekspert va olimlar tomonidan qonun loyihasini yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish va maromiga yetkazish bo‘yicha qator takliflar, tavsiyalar berildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA