O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Falastinning Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Abdulla Tarshaxoniyni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi yakunlanayotgani munosabati bilan qabul qildi.

Uchrashuvda elchining faoliyati davomida O‘zbekiston – Falastin munosabati izchil rivojlanib, yanada mustahkamlangani e’tirof etildi.

Vazir ko‘p yillik faoliyati uchun elchiga respublika hukumati, xususan, Tashqi ishlar vazirligi nomidan minnatdorlik bildirarkan, O‘zbekiston Falastin bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom Hamkorlik Tashkiloti kabi yirik xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidlab, do‘stona aloqalarni izchil davom ettirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Tomonlarning o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi tasdiqlandi.

– Davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik o‘ziga xos tarixga ega, dedi A.Komilov. – O‘zbekiston va Falastin o‘tgan arning 90-yillaridan boshlab tashqi siyosat masalasida doimo bir-birini tushunib, qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Tan olish kerak, hozircha savdo-iqtisodiy aloqalarimiz mavjud imkoniyatlar darajasida yo‘lga qo‘yilgan, deya olmaymiz. Shu bois, kelajakda ushbu yo‘nalishda sheriklikni kengaytirishimiz zarur.

O‘z navbatida elchi keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning guvohi sifatida jamiyatning barcha jabhalarida yuz berayotgan ulkan yangilanishlardan mamnunligini izhor etdi.

– Men O‘zbekiston barcha sohalarda erishayotgan mislsiz yutuqlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, bilib turibman. Elchi sifatida ko‘plab tadbirlarda ishtirok etamiz, hududlarda, tashkilot, muassasalarda bo‘lamiz. Eng muhimi, mamlakatdagi mana shunday ijobiy o‘zgarishlarning bevosita ishtirokchisi ekanimdan cheksiz faxrlanaman. O‘zbekiston va Falastin munosabatida hali foydalanilmagan salohiyat katta. Shu ma’noda hamkorligimiz bundan keyin ham tizimli ravishda rivojlanib boradi, degan umiddaman.

Uchrashuv yakunida janob Tarshaxoniy mamlakatimizda diplomatik missiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishda yaratilgan qulay sharoit uchun O‘zbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik bildirdi.

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA