Milliy matbuot markazida O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari oldida turgan vazifalarga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi: ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirishning dolzarb masalalari” mavzusida seminar tashkil etildi.

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov va boshqalar so‘nggi besh yillik islohotlarning natijasida mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratilganini ta’kidladi.

Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, qonun ustuvorligini taraqqiyotning eng  zarur shartiga aylantirish, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash kabi tamoyillar Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ommaviy axborot vositalari orqali yoritish media soha vakillaridan katta mas’uliyat, bilim, tajribani talab etadi. Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar fuqarolarning axborot sohasidagi huquqini yanada kengroq ro‘yobga chiqarish uchun imkon yaratish, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash borasida rolini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Nazokat Usmonova, O‘zA