Ushbu mo‘miyolangan ayol jasadi 1975-yilda Shveytsariyaning Bazel shahridagi cherkovlardan birini restavratsiya qilish paytida topilgan. Olimlar arxiv yozuvlari orqali marhuma suyagi mashhur Bishoff oilasiga tegishli bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelgan. Jasaddagi DNK to‘qimalari oilaning tirik avlodlariga solishtirilganda 99,8 foiz o‘xshashlik aniqlangan.

Anna Katarina Bishoff 1719-yilda Strasburgda tug‘ilgan va 70 yil umr ko‘rgan. Uning yetti farzandi bo‘lgan.

Ko‘p yillik tadqiqotlar natijasida olimlar kutilmagan xulosaga keldilar: marhuma Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonsonning 7-avloddagi katta momosidir.

Boris Jonson hozircha bu voqea haqida hech qanday fikr bildirmagan, deya xabar bermoqda euronews.

Ma’lumki, Boris Jonson jurnalistlik faoliyati va noodatiy soch turmagi bilan mashhur bo‘lgan. 2016 yilda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan. Uning ota tomondan bobokaloni turkiyalik bo‘lgan.

 

O‘zA