Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2019 yil 1 noyabrdan 2021 yil 31 dekabrgacha moratoriy davrida jismoniy va yuridik shaxslardan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesishga ruxsat so‘rab qilgan murojaatlari tahlili natijalariga ko‘ra, hududda ushbu davr mobaynida 286 ming 184 tup daraxt saqlab qolingan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2019-2021 yillarda moratoriy davomida jami 196 ta murojaatda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan 289 ming 772 tup daraxt va butalarni kesishga ruxsat so‘ralgan. Shundan 3590 tup daraxtni kesishga, 203 tup daraxtga shakl berishga, 75 tup tuxumdan ekilgan balandligi 15-20 sm bo‘lgan yosh nihollarni ko‘chirib o‘tkazishga ijobiy xulosa berilgan. 82 ta murojaat rad etilib, 286 ming 184 tup daraxt saqlab qolingan.

Daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy yurtimizda ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga binoan 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha e’lon qilingan edi, keyinchalik 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilgan.

Ammo moratoriy e’lon qilingani bilan mas’ul tashkilotlarning amalga oshirilayotgan ishlarga sustkashlik bilan yondashishi hamda ayrim shaxslarning o‘simlik dunyosi ob’ektlariga bo‘lgan tajovuzkor harakatlari, shu jumladan, daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq holatlar bartaraf qilinmadi, bu esa umumekologik vaziyatning yomonlashishiga sabab bo‘lmoqda.

Daraxt, butalar va yashil hududlarni muhofaza qilish hamda ularning maydonlarini kengaytirish, ushbu sohada mas’ul tashkilotlar faoliyatini yanada samarali tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi.

Mutaxassislarning fikricha, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilishi albatta, kelgusida yurtimizda yashil maydonlarning ko‘payishiga xizmat qilishi shubhasizdir.

Ye.Qanoatov, O‘zA