Amudaryo havzasi Suv xo‘jaligi birlashmasida “Suv xo‘jaligi ob’ektlarida raqamli texnologiyalarni joriy etish” mavzusida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda hududdagi suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev suv xo‘jaligi ob’ektlarida raqamli texnologiyalarni joriy etishning ahamiyati va o‘rnatilgan “Aqlli suv” qurilmalaridan kelayotgan ma’lumotlarni tegishli axborot tizimi bilan integratsiya qilish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish natijasida mavjud suvlardan samarali foydalanish, suvning hisobini onlayn monitoring qilish imkoniyati yaratilishini ta’kidladi. Shuningdek, gidroinshootlar oldida yig‘ilib qolgan loyqalarni maxsus texnikalar yordamida qazib-tozalash, irrigatsiya tarmoqlarini va sho‘r yuviladigan maydonlarni tayyorlash masalalari bo‘yicha tizim tashkilotlari rahbarlariga topshiriqlar berildi.

Tadbir ishtirokchilariga Taxiatosh gidrouzeliga o‘rnatilgan raqamli texnologiya va uni masofadan boshqarish, onlayn axborot berish jarayoni amalda ko‘rsatildi. Shuningdek, loyqalarni tozalash tadbirlari va u yerda xizmat qilayotgan suvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Ko‘rgazmali seminar ishtirokchilari suv xo‘jaligi ob’ektlari va yordamchi xo‘jaligida barpo etilgan bog‘ va issiqxonada bo‘ldi. bugungi kunda yordamchi xo‘jaligida turli mevali va manzarali daraxtlar parvarish qilinmoqda. O‘tgan yilning o‘zida qo‘shimcha 80 sotix yerda yangi bog‘ barpo etildi. Yordamchi xo‘jalikda issiqxona tashkil etilgan bo‘lib, unda limon yetishtirilmoqda. Shuningdek, suv xo‘jaligi ob’ektlari ko‘chatlar bilan ta’minlanib kelinmoqda.

Tadbir ishtirokchilari Amudaryo havzasi Suv xo‘jaligi birlashmasi Quyidaryo boshqarmasida tashkil etilgan shtab faoliyati bilan yaqindan tashishdi. Bu yerda ishchi-xodimlarning samarali mehnat qilishi va dam olishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, suv xo‘jaligi ob’ektlarida 2022 yilda jami 735 ta zamonaviy raqamli texnologiyani joriy etish rejalashtirilgan. Jumladan, suv resurslarini onlayn nazorat qilish imkonini beruvchi 341 ta “Aqlli suv”, 270 ta meliorativ kuzatuv quduqlarida yer osti sizot suvlari sathi va ularning minerallashganlik ko‘rsatkichlari monitoringini yuritish imkonini beruvchi “Diver” qurilmalarini o‘rnatish va 1 ta yirik ob’ektning boshqaruvini avtomatlashtirish, shuningdek, 123 ta nasos stansiyasida suv sarfini “onlayn” nazorat qilish imkonini beruvchi qurilmalarni o‘rnatish rejalashtirilgan.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA