O‘zA tanqid qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanidagi Mizdaxqon tarixiy esdalik majmuasiga oid yana bir mojaro ko‘tarildi.

Bunga majmuada sayyohlik maskani sifatida dong qozongan, ming yillardan buyon “oxirzamon soati” sifatida mashhur bo‘lgan “Xalifa Rajab” maqbarasi tarixiy yodgorligi qoshida yangi qabrning joylashtirilganligi sabab bo‘ldi. “Nima uchun X asrga oid tarixiy yodgorlik yonida zamonaviy qabr joylashtirilishi kerak?” mazmunidagi e’tirozlar ortidan “qabr uchun yerlar sotilmoqda” kabi gaplar ham tarqaldi.

Dabdabali dafnbozlik

Ming afsuslar bo‘lsinki bizda sayyohlik maskani sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ko‘p joylar deyarli qabristonga aylangan. Mizdaxqon majmuasi ham shular jumlasidan. Mizdaxqon o‘rta asrlarda Xorazmdagi yirik shaharlardan biri bo‘lgan. Mashhur arab olimi al-Maqdusiy 985 yilda shu yerdan o‘tganda “Mizdakxan o‘zining kattaligi bo‘yicha Kat, Gurganj kabi Xorazm davlatida uchinchi shahar” deya ta’rif bergan. Arxeologik qazishmalar paytida Mizdaxqon majmuasi joylashgan tepalikda antik davrga oid esdaliklar ham topilgan. Islomgacha hukm surgan zardushtiylik madaniyati bu yerda gullab yashnagan. Majmua atrofidan hanuzgacha ko‘plab ossuariylar topilmoqda. Ayanchlisi, qadimiy qabrlar ustida yana qabrlar qazilmoqda.

– Mizdaxqon majmuasi arxeologik nuqtai nazardan hali to‘liq o‘rganib bo‘linmadi, – deydi arxeolog-olim Sa’dulla Saipov. – Qazishma ishlari yana yuzlab yil davom etishi mumkin. Majmuaning arxeologik qo‘riqlanadigan maydoni 7 gektar bo‘lgani bilan uning tashqarisidagi, ya’ni dafn qilinish uchun ruxsat berilgan qariyb 70 gektarlik hududdan ham zardushtiylik madaniyatiga oid yodgorliklar topilmoqda. Asosan dafn qilish uchun yerni qaziganda ossuariylar chiqib kelmoqda. Eng achinarlisi, yaqinda “Xalifa Rajab” yodgorligi qoshida zamonaviy qabr joylashtirilgani bo‘ldi. Axir bu qo‘riqlanadigan hudud. U yerga qanday qilib marhumni dafn qilishga ruxsat berish mumkin.

Sayyohlik tadbirlari bilan shug‘ullanuvchi qoraqalpog‘istonlik Azamat Matkarimov “ba’zi odamlar o‘z qarindoshlarini majmuaning eng mashhur ziyoratgohlari yoniga dafn qilishga astoydil harakat qilib, shuning oqibatida qadimiy obidalar qoshida qimmatbaho tosh va materiallardan dabdabali qabrlar qad rostlamaqda. Ehtimol, ular o‘z yaqinlari dafn qilinadigan joy muqaddas joylarga qanchalik yaqin bo‘lsa, shunchalik sharafli va yaxshiroq, deb hisoblashar. Aslida, bunday emas. Birinchidan, ular shu ishi orqali xalqining tarixini yo‘q qilmoqda. Ikkinchidan, bunaqa dafn madaniyatsizlik ramzi sifatida minglab sayyohlarda taassurot qoldiradi” deb post qoldirdi feysbukdagi sahifasida.

Majmuaga eltadigan yo‘lak. U nimaga kerak?

Ayni paytda sayyohlarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida majmua esdaliklariga olib boradigan yo‘lak (koridor) qurilmoqda. Bu holat ham tarmoq foydalanuvchilarini bee’tibor qoldirmadi.

“Tunnel (yo‘lak nazarda tutilmoqda – muallif) nima uchun kerak? Mizdaxqonda sayyohlarning asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri bu zinadan yuqoriga ko‘tarilish bilan ochiladigan ajoyib manzaralar-ku. 50 daraja issiqda, tik qoyaga ko‘tarilishda, tor uzun tunnelda sayyohlar omon qolishi dorgumon” deb yozadi bloger Liliya Nikolenko feysbukdagi sahifasida. “Bu yerda darvozadan to maqbaralar joylashgan tepalikka qadar o‘ziga xos “tunnel” qurilmoqda ekan. Bu “tunnel” sayyohlar yo‘lda eski qabrlarni ko‘rmasligi uchun qurilmoqda.

Qabriston juda muhim turistik diqqatga sazovor joy. Men o‘zim ham ko‘p marta sayyohlarni olib borganman va ular uchun dafn marosimlari an’analari, dafn etishning o‘ziga xos xususiyatlari, turli xalqlarning dinlari va e’tiqodlari bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligini bilish qanchalik qiziqarli ekanligini bilaman. Bu qaror qanday asosli bo‘lganini bilmayman, lekin men buni uzoqni ko‘zlanmagan va turizm rivoji uchun halokatli, deb bilaman. Negadir loyiha turizm sohasi bilan kelishilmagan holda qabul qilingan va bu biz uchun katta yo‘qotish” deya qo‘shimcha qiladi A.Matkarimov.

Xo‘jayli tumani hokimligi yangi qabrning qadimiy yodgorlik qoshida joylashtirilganligi masalasi hokimlik hamda mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qildi va tunnel(yo‘lak) masalasida quyidagicha javob qildi:

“Mizdaxqon tarixiy majmuasiga olib boradigan tepalikka chiqish uchun yo‘lak (koridor) qurilsa nimasi yomon? Birinchidan, ziyoratga yoki sayyohlik maqsadida kelgan fuqarolar, xususan, nuroniylarimiz uchun qulay, tarixiy devor rasmlarini tomosha qilib dam olishi mumkin. Ikkinchidan, noqulay ob-havo kunlarida yoki jazirama issiqda salqin soya, pana. Uchinchidan, chor atrofni ko‘rib zavqlanish uchun ochiq dizayn. To‘rtinchidan, yo‘lak sayyohlarning e’tiborini jalb qiluvchi milliy an’analar bilan boyitilgan naqshlar bilan bezatiladi va alalxusus, ko‘pchilik fuqarolarga ochiq qabrlar og‘ir ta’sir qilishi inobatga olinsa, estetik jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi”.

Mizdaxqonda dafn qilish davom etaveradimi?

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Quanish Sharipovning ta’kidlashicha, madaniy meros ob’ektlari (arxeologiya obidalari) va ularning muhofaza zonalari hududi qabriston uchun yer uchastkasi sifatida ajratilishi mumkin emas. Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 4 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “Dafn etish joylarini saqlash, ulardan foydalanish va qabr usti yodgorliklarini o‘rnatish tartibi to‘g‘risida” gi nizomi 53-bandida aniq belgilangan. Ushbu nizomdagi talablar buzilganligi inobatga olinib, “Mizdaxqon majmuasi” atrofida yuzaga kelgan mojaro yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasiga murojaat qilingan.

– Bu voqea shundayligicha qolishi mumkin emas, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Quanish Sharipov. – Qadimiy yodgorliklar qoshida dafn qilish holatlari butunlay barham topishi darkor.

Ayni paytda, mazkur masala yuzasidan prokuratura tomonidan barcha ishlar sudga oshirilgan.

“Mizdaxqon majmuasi” atrofidagi shov-shuvli voqealar faqat shu emas. 2017 yilda ham mazkur majmuaga kiradigan XIII-XIV asrlarga tegishli Shamun-Nabi maqbarasi buzib tashlanib, o‘rniga yangi bino qurilgan va shu bilan muhim ahamiyatga ega tarixiy yodgorlik ham batamom yo‘q qilingan edi.

Ye.Qanoatov, O‘zA