O‘zbekistonning barcha fuqarolari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida hech qanday cheklovlarsiz ishga qabul qilinadi

Kecha, 22-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan qabul qilingan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturiga muvofiq, vaqtincha yoki doimiy propiskasi bo‘lmagan yoxud turar joyi bo‘yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga olishga oid taqiq bekor qilinishi belgilandi.

Endlikda O‘zbekiston fuqarolari mamlakatimizning istalgan hududida, ayniqsa, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishga joylashishda hech qanday cheklovlarsiz o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniga ega bo‘ladi. Istiqbolli kadrlar qayerda doimiy yoki vaqtincha propiska qilingani, turar joyi bo‘yicha hisobda turganidan qat’i nazar, poytaxt mintaqasida mehnat qila oladilar.

O‘z navbatida, ish beruvchilar vaqtincha yoki doimiy propiskasi bo‘lmagan yoxud turar joyi bo‘yicha hisobdan o‘tmagan fuqarolarni ishga olganliklari uchun javobgarlikdan ozod etiladi.

 

O‘zA