Ma’lumki, mamlakatimizda belgilab qo‘yilgan qonunchilikka ko‘ra, o‘n olti yoshdan to pensiya bilan ta’minlanish huquqini olishgacha bo‘lgan yoshdagi, haq to‘lanadigan ishga yoki daromad keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan mehnatga layoqatli, ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ular tomonidan ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan shaxslar ishsiz, deb e’tirof etiladi.

Ishsiz deya e’tirof etilgan shaxslarga ishsizlik nafaqasini to‘lash tartibi qanday amalga oshiriladi?

Shu kabi dolzarb savollarga Madad NNT Qashqadaryo viloyati G‘uzor tuman huquqiy maslahat byurosi bosh mutaxassisi Zafar  Adilov quyidagicha javob berdi:

bugungi kunda aholining ehtiyojmand qatlamini aniqlash va nafaqa to‘lashning aniq mezonlari belgilab qo‘yilgan. Jumladan, ishsiz deb topilgan shaxslar uchun ham davlat tomonidan beriladigan moddiy yordam turlari mavjud. Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e’tirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida mahalliy mehnat organida ro‘yxatdan o‘tgan kundan e’tiboran tayinlanadi va qonunchilikka ko‘ra, ishsizlik nafaqasi 12 oylik davr ichida ko‘pi bilan 26 hafta davomida to‘lanadi. Ammo shuni alohida qayd etishim lozimki, ishsiz ishsizlik nafaqasini olish davrida ish qidirishi va har ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga ishga yoki kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga, malakasini oshirishga yo‘llanma olish uchun murojaat qilishi shart.

Ishsizlik nafaqasining miqdori qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Ishsiz shaxslarga  tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish va shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan subsidiyalar va Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardagi mablag‘lari hisobidan mikrokreditlar ajratilishi ham ko‘zda tutilgan.

– bugungi kunda ishsizlik nafaqasi miqdori qancha etib belgilangan?

– Mazkur nafaqa turi  qonunchilikka ko‘ra, ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) so‘nggi 12 oylik davr ichida mahrum bo‘lgan shaxslarga avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHEKM – 679 330 so‘m)dan oz bo‘lmagan miqdorda (amalda MHEKMning 35,2 foizidan oz bo‘lmagan), ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan hamda uzoq (1 yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga – MHEKM ning 1 baravari miqdorida (amalda MHEKMning 26,5 va 35,2 foizidan oz bo‘lmagan miqdorlarda);

Ilgari ishlamagan, birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga – MHEKMning kamida 75 foizi miqdorida (amalda MHEKMning kamida 26,5 foizi miqdorida) belgilangan.

– O‘z o‘rnida ishsizlik nafaqasi oluvchilarning qanday majburiyatlari bor?

– Albatta ishsizlik nafaqasi oluvchilar uchun ham qonunchilikka ko‘ra ma’lum majburiyatlar belgilab qo‘yilgan.  Unga ko‘ra, ishsiz deya e’tirof etilgan shaxs har xaftada kamida bir marta tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markaziga ishga yoki kasbga tayyorlashga, malakasini oshirishga yo‘llanma olish uchun murojaat qilishi lozim. Uzrsiz sabablarga ko‘ra ushbu talablar bajarilmaganda, ishsizlik nafaqasini to‘lash 3 oygacha muddatga to‘xtatib qo‘yilishi yoki nafaqaning miqdori kamaytirilishi mumkin. Ishsiz shaxs kasbga o‘rganish, qayta tayyorlash yoki malakasini oshirishga yuborilgan bo‘lsa,  stipendiya olib kasbga o‘rganish, qayta tayyorlashdan o‘tish yoki malaka oshirish davrida va ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasida davolash kursini o‘tayotgan bo‘lsa, ishsizlik nafaqasi to‘xtatib turilishi mumkin. Ishsiz shaxs haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ishtirok etayotgan bo‘lsa ham, shu davr oralig‘ida  ishsizlik nafaqasi to‘lanmaydi.

Ishsiz fuqaro ishga joylashganda yoki  ishsiz shaxs taklif qilingan maqbul keladigan ishni ikki marta rad qilgan taqdirda ishsizlik nafaqasi to‘lash bekor qilinadi.

Shuningdek, ishsizlik nafaqasini aldov yo‘li bilan olayotgan bo‘lsa, ishsizlik nafaqasini olib turgan davrda mahalliy mehnat organini xabardor qilmay vaqtincha ishga joylashgan bo‘lsa hamda ishsiz shaxs vafot etgan taqdirda mazkur nafaqa turini to‘lash to‘xtatiladi.

Shuni ham aytib o‘tishim lozimki, pensiya ta’minoti huquqini olgan ishsiz shaxslarga va  sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi to‘lanmaydi.

Muhayyo  Toshqorayeva, O‘zA