Yaponiyada koronavirusning omikron shtammiga uchragan bemor vafot etdi. Bu ayni sabab tufayli mamlakatda yuz bergan ilk shunday voqea. Bu haqda Kiodo agentligi xabar tarqatgan.

Bu yerda gap Sidzuoka shahrining yoshi ulug‘ bir fuqarosi haqida ketyapti. Tahlillar unda koronavirusning “omikron” shtammi borligini tasdiqladi.

Umuman, so‘nggi kunlarda Yaponida ushbu xastalik bilan kasallanishning 1 sentyabrdan bu yog‘iga eng yuqori ko‘rsatkichlari, aniqrog‘i kuniga 22 mingdan ortiq holat qayd qilinyapti. Oxirgi statistikada bir kunda 11 nafar bemor hayotdan ko‘z yumgani keltirilgan. Hafta boshida e’lon qilingan xabarda kun chiqar yurtning 47 prefekturasida “omikron” shtammi aniqlangani aytilgandi.

Epidemiya davri boshlangandan buyon Yaponiyada sutkalik eng yuqori o‘sish darajasi – 25 992 holat o‘tgan yilning 20 avgustiga tegishli.

Binobarin, «RIA Novosti» Pekin yuqumli kasalliklarni nazorat va profilaktika qilish markazi ma’lumotiga tayanib xabar berishicha, ayni dam bu ulkan shaharda ham koronavirusning omikron shtammi bilan zararlangan ilk fuqaro ro‘yxatga olindi.

Ushbu bemor Xitoy poytaxti shimoli-g‘arbida istiqomat qiladi. Axborotda u kishi oxirgi ikki hafta davomida xorijga chiqmagani va boshqa provinsiyalarda ham bo‘lmagani qo‘shimcha qilingan.