Erkin Vohidov she’riyati jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Bu she’riyat teran falsafiy g‘oyasi, boy mazmuni, o‘quvchini mudom ogohlikka da’vat etishi bilan ham kitobxon mehrini qozongan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ikki yilcha avval Marg‘ilonda atoqli shoir Erkin Vohidovning muzeyi va ijod maktabining ochilishida xonanda Ozodbek Nazarbekovga kutilmagan bir taklifni ilgari surgan edi:

«Ulug‘ shoirimizning «Inson» qasidasi benazir asar. Uni bir qancha tillarga tarjima qilib, kuyga solib qo‘shiq qilib aytinglar. Hozir ham inson g‘oyasi qanchalar noyob va aziz ekanligini odamlar, yoshlar bilsin».

Darhaqiqat, ustoz ijodkorning ayniqsa «Inson» qasidasi 2020 yili turli tillarda BMTning nufuzli Sammiti arafasida yangragani, bu – she’riyatning mangulikka daxldor ekanini dunyoga yana bir bor namoyish etdi.

Yaratilganiga qariyb ellik yil bo‘lgan ushbu qasida hali hamon tarjimonlar tomonidan turli tillarga o‘girilib, o‘z jozibasini, dolzarbligini qayta-qayta namoyon etmoqda.

O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning mashhur «Inson» qasidasi rus va ingliz tillariga o‘girilib, yana bir bor  jahon she’rxonlari hukmiga havola qilindi.

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri, o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyondasi Erkin Vohidovning turkum she’rlari rus va ingliz tillariga tarjima qilingani ustoz ijodiga bo‘lgan qiziqishning yana bir  amaliy namunasidir. Erkin Vohidovning ijodi  Rossiyaning bir qator milliy adabiy saytlari, shuningdek Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i orqali jahon she’riyati muxlislari e’tiboriga havola etilib, chet ellik she’rxonlar tomonidan iliq kutib olindi.

E’lon qilingan she’rlar orasida shoirning eng mashhur «Inson» qasidasi, shuningdek  1956 yilda yozilgan «Kamtarlik haqida», 1959 yilda bitilgan «Po‘lat» she’ri va boshqa she’rlari bor. Qisqa vaqt ichida mazkur she’rlar Rossiya, Hindiston, Bangladesh, Saudiya Arabistoni, Fransiya, Lotin Amerikasining bir qator davlatlari she’rxonlari hurmatiga sazovor bo‘ldi.

She’rlarni rus va ingliz tillariga qirg‘izistonlik shoir va tarjimon Rahimjon Karim o‘girgan.

N.Usmonova, O‘zA