Mamlakatimizda san’at saroylari, teatrlar faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi sahna asarlari yaratish, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

700 o‘rinli zamonaviy San’at saroyi hamda 3 ming o‘ringa mo‘ljallangan amfiteatrda “Fayz-Binokor-Oltiariq” xususiy korxonasi quruvchilari tomonidan 82 milliard so‘mlikdan ortiq qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. Fransiya, Angliya, Ispaniya, Rossiya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy ovoz yozish hamda sozlash, yoritish tizimi jihozlari, monitorlar o‘rnatildi. San’atkor va tomoshabinlar uchun barcha qulaylik yaratildi.

Hududi 32,5 gektar bo‘lgan maskanning atrofi obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtirildi. Musiqali favvora, avtomobillar turadigan joy qurildi, zamonaviy yoritgichlar hamda o‘rindiqlar o‘rnatilib, turli daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazildi.

Davlatimiz rahbari mazkur madaniyat maskaniga taniqli san’atkorlarni taklif qilib, hamkorlikda mahorat darslari o‘tkazish, «ustoz-shogird» an’anasini yanada rivojlantirish, Hakim Termiziy va Alpomish haqida spektakllar sahnalashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

 

Umar Asrorov, O‘zA