Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahri meri Pak Von Sun rahbarligidagi delegatsiya mamlakatimizning turli tashkilotlarida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Toshkent shahar hokimi R.Usmonov bilan muloqot chog‘ida Toshkent va Seul shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari haqida so‘z yuritildi.
Mehmonlarga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Toshkent shahrida transport va muhandislik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sanoat va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Seul shahri meri Pak Von Sun Toshkent shahri bilan keng qamrovli, tizimli va uzoq muddatli hamkorlik qilish tarafdori ekanini ta’kidladi. Poytaxtimizni 2030-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha rejalarni yuqori baholab, bu boradagi ishlarda Janubiy Koreyaning shaharsozlik, transport, axborot texnologiyalari, servis va boshqa sohalardagi tajribasi, nou-xaulari bilan qatnashish niyatini bildirdi.
Toshkent va Seul shahri biznes vakillarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, kichik biznes sohasiga investitsiyalar jalb etish, tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Poytaxtimizdagi Seul bog‘ida mamlakatimizda koreys millati vakillari istiqomat qilayotganining 80-yilligi munosabati bilan yodgorlik monumenti ochildi.
Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov, Seul shahri meri Pak Von Sun, Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U, O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari uyushmasi raisi Viktor Pak va boshqalar O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari qatori koreys millatiga mansub aholining ham o‘z milliy an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylashi, boyitishi hamda kelgusi avlodlarga yetkazishi uchun keng imkoniyatlar yaratilganini alohida ta’kidladi. Koreys xalqi nomidan o‘zbek xalqining bag‘rikengligi va mehribonligi uchun chuqur minnatdorlik ramzi sifatida ochilgan ushbu monument xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganining amaliy ifodasi ekani qayd etildi.
Taqdir taqozosi bilan bir paytlar yurtimizga kelib qolgan koreyslar o‘zbeklar bilan do‘st-birodar bo‘lib ketgan, jamiyatimizning faol a’zolariga aylangan. Koreys millatiga mansub vatandoshlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida, mahalliy Kengashlarda, boshqaruv organlarida, iqtisodiy-ijtimoiy hayotning barcha sohalarida faoliyat yuritmoqda.
– O‘zbekistonda koreys diasporasi emin-erkin, tinch va osuda yashashi yo‘lida yaratgan va yaratilayotgan munosib sharoit va imkoniyatlar uchun davlatingiz va xalqingizdan g‘oyat minnatdormiz, – dedi Pak Von Sun. – Toshkentdagi Seul bog‘ida O‘zbekistonda koreys millati vakillari istiqomat qilayotganining 80-yilligi munosabati bilan ochilgan yodgorlik monumenti mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirda do‘stlik va tinchlikni, ikki xalqning an’ana va qadriyatlarini ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar yangradi, jozibali raqslar ijro etildi.
Xalqaro hamkorlik markazida shahar jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston – Janubiy Koreya konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakatning transport va transport kommunikatsiyalari, shahar infratuzilmasi, axborot texnologiyalari kabi sohalarga oid vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Mazkur forum mamlakatlarimiz o‘rtasida shahar infratuzilmasi, transport va AKT sohalaridagi aloqalarni yanada faollashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda shaharlarning zamonaviy arxitektura qiyofasini rivojlantirish, uy-joy va ijtimoiy-maishiy qurilishni takomillashtirish, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rekonstruksiya qilish, yangilash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Forumda mehmonlarga Toshkent shahrida transport va kommunikatsiyalar sohasini rivojlantirish, zamonaviy uy-joylar barpo etish, infratuzilma, kommunal va ijtimoiy sohalarni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi.
Toshkent shahar hokimligi bilan Seul shahar meriyasi o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash to‘g‘risida bayonnoma, Toshkent va Seul shaharlari o‘rtasida AKT sohasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.