Birinchi Prezidentimiz tavalludining 80 yilligi har tomonlama munosib nishonlanadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yil 17-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini samarali olib borish va ushbu sanani har tomonlama yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, videokonferensiya aloqa tizimi orqali viloyat hokimlari, oliy o‘quv yurtlari rektorlari, “Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi va boshqa jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda faollari ishtirok etdi.

Ma’lumki, shu yil 30-yanvar kuni mustaqil davlatimiz asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavalludining 80 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-noyabrda qabul qilingan qarori asosida yurtimizda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida Islom Karimov maqbara majmuasi, Qarshi shahrida esa Birinchi Prezidentimiz xotirasiga bag‘ishlab haykal bunyod etilmoqda.

Shu bilan birga, Islom Karimovning g‘oyat serqirra hayoti va faoliyatini keng targ‘ib etish bo‘yicha ko‘plab madaniy-ma’rifiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan ayni shu mavzuga bag‘ishlangan hujjatli film suratga olinmoqda. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan bir qancha ilmiy-ommabop kitoblar, jumladan, Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asari nashr etilmoqda. Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi va Islom Karimov xayriya jamoat fondi tomonidan ham bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, mart oyida Samarqand shahrida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish va boshqa muhim tadbirlar bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zining Prezident sifatidagi butun hayoti va faoliyatini yurtimizda yangi davlat, yangi jamiyat barpo etish, mustaqilligimizni mustahkamlash, o‘zbek nomini, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etishdek ulug‘ maqsadga bag‘ishladi. Xalqimiz mamlakatimizda istiqlol yillarida amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlarni haqli ravishda Birinchi Prezidentimiz nomi bilan bog‘laydi, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev.

Shuning uchun ham bu tarixiy sanani har tomonlama yuksak darajada o‘tkazish bizning o‘z tariximizga, mustaqilligimizga bo‘lgan hurmatimizni, xalq, millat sifatidagi madaniyatimiz va ma’naviyatimizni namoyon etishi, aynan shunga qarab dunyo jamoatchiligi bizga baho berishiga yig‘ilishda alohida e’tibor qaratildi. Eng muhimi, bunday qutlug‘ sanalar o‘z tariximiz, milliy o‘zligimizni anglashga, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni el-yurtimizga butun borlig‘ini berib, fidoyilik ko‘rsatib yashagan ulug‘ insonlarning ibratli faoliyatiga har tomonlama munosib etib, ularning ezgu fazilatlari ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi qayd etildi.

Yig‘ilishda Bosh vazir, yubiley tashkiliy qo‘mitasining raisi A.Aripov, Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov, Toshkent shahar hokimi R.Usmonov, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari T.Shirinov, Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyev, Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev, Namangan viloyati hokimi X.Bozorov, Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazovning hisobotlari eshitildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 80 yillik yubileyiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar chuqur tahlil qilinib, asosiy yubiley tadbirlarini yuksak darajada o‘tkazish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Yubiley kunlarida barcha ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, nuroniylar, turli soha mutaxassislari ishtirokida Birinchi Prezidentimiz xotirasiga bag‘ishlangan uchrashuvlarni mazmunli va yuqori saviyada, ta’sirchan ruhda, aniq hayotiy misollar asosida o‘tkazishga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.

Islom Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bilan bog‘liq barcha marosim va tadbirlarni Birinchi Prezidentimizning Vatanimiz oldidagi unutilmas xizmatlariga har tomonlama munosib holda o‘tkazish bizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir, deb ta’kidladi pirovardida davlatimiz rahbari.

 

O‘zA