Bundan bir necha yil avval Hindiston hukumati 20 ta shaharni “Aqlli shahar”ga aylantirishga va’da bergan edi. Ayni damda bu g‘oya asta-sekin hayotga tatbiq etila boshlandi. Tanlab olingan shaharlarning 13 tasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan eng iflos shaharlar ro‘yxatiga kiritilgan edi.

“Aqlli shahar”lar ro‘yxatiga Dehli, Maxarashtra shtatidagi Puna, Radjastxan shtati ma’muriy markazi Jaypur, Orissa shtati markazi Bxubaneshvar, Tamilnad shtatidagi Chennai, Madxya-Pradesh shtatidagi Bxopal shaharlari ham bor. “Aqlli shaharlar”da umumiy hisobda 35 million kishi istiqomat qilishi aytiladi.

Krishna daryosi sohillarida Amaravati deb nomlangan “aqlli shahar” singapurlik quruvchilar tomonidan barpo etilmoqda. Yangi megopolis bir vaqtlar bananzor, o‘rmon va qishloq xo‘jaligida foydalanilgan hududda qad rostlamoqda. Me’morlar rejasiga ko‘ra, yuqori texnologiyalar joriy etiladigan mazkur shahar Singapurga o‘xshab ketadi. Shu bilan birga shahar ichidan oqib o‘tuvchi daryo va unda suzuvchi qayiqlar Amaravatini hind Venetsiyasiga aylantiradi.

Megapolis atrofida yettita yo‘ldosh shaharcha qad rostlaydi. Yo‘ldosh shaharchalarning har biri iqtisodiyotning ma’lum sohasiga ixtisoslashtiriladi. 2035 yilga borib megopolis va uning atrofidagi aholi punktlarida 11 million kishi istiqomat qilishi, 3 million 300 mingta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilmoqda.

Amaravati shahrida ikkita aeroport, ming kilometrlik avtomobil yo‘llari, 300 kilometrlik velosiped va piyodalar yo‘laklari quriladi. Metro bilan qo‘shib hisoblaganda o‘ta tez harakatlanuvchi poyezd yo‘llarining umumiy uzunligi 135 kilometrni tashkil qiladi. Shaharda quriladigan barcha inshootlar mahalliy aholining urf-odat va an’analariga mos kelishi ko‘zda tutilgan.

Shahar mahallalarga bo‘linadi. Xukumat idoralari chetroqda joylashadi. Gubernator qarorgohi atrofida dam olish bog‘i quriladi. Bog‘ atrofida esa bir va ikki qavatli hukumat binolari barpo etiladi. Umumiy hisobda davlat idoralarida 62 ming kishi ishlashi kutilmoqda. Megopolisda osmono‘par binolar bo‘ladi. Daryo sohillarida keng jamoatchilik vakillarining dam olishi uchun ko‘ngilochar joylar, shu bilan birga yashil hudud barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Dam olish bog‘i shahar hududining 40 foizini egallaydi.

“Kelajak shahri” loyihasini Singapurning Surbana Jurong Private Ltd. kompaniyasi ishlab chiqqan. Kompaniya rahbariyati Amaravati shahri Hindistondagi ilk “aqlli shahar” bo‘lishiga ishonmoqda. Kuzatuvchilarning fikricha, so‘nggi yillarda bo‘lajak shahardagi yerlar narxi 15 barobar ko‘tarilib ketgan. Mintaqa hukumati mahalliy fermerlardan 12,5 ming gektar yer sotib oldi. To‘g‘ri, fermerlarga pullar birdaniga emas, yaqin o‘n yilliklarda beriladi. Shundan so‘ng yerlarning uchdan bir qismi infratuzilmalari bilan birga o‘z egalariga qaytariladi.

Megapolis Andxra-Pradesh shtatining ma’muriy markaziga aylanadi. Ma’lumki, shtatning avvali poytaxti Haydarobod shahri o‘tgan yilda hukumat qaroriga ko‘ra, shtatdan ajralib chiqqan edi. Haydarobod ajralib chiqqanidan so‘ng aholisining 70 foizi qishloqlarda istiqomat qiluvchi shtat daromad ko‘ruvchi mintaqadan dotatsiyaga o‘tirib qolgan hududga aylandi. Daromadni qayta tiklash maqsadida shtat gubernatori Chandrababu Naydu yangi poytaxt qurishga ahd qildi. Amaravati qurilishi uchun 3,8 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan bir necha yillar avval “Aqlli shahar” deyilganda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan shaharlar nazarda tutilar edi. Endilikda aholining zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirib olishi ham “aqlli shahar” tushunchasini anglatadi.

 
Sharofiddin To‘laganov 

 

O‘zA