Toshkentda 14 dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Barqaror rivojlanish markazi hamda Davlat va huquq instituti tomonidan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida “Zamonaviy konstitutsionalizm: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar, akademik hamjamiyat, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Anjuman doirasida turli mamlakatlarda konstitutsionalizmning rivojlanish tendensiyasini aniqlash va tahlil qilish, bu boradagi ilg‘or milliy va xalqaro tajribani o‘rganish, jumladan, mamlakatimiz asosiy qonunini jamiyatdagi real voqelikka, demokratik islohotlar mantig‘iga moslashtirish, yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan o‘zaro bog‘liq va mohiyatan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Harakatlar strategiyasi doirasida Konstitutsiyaning 21- moddasiga 9 marta 32 ta o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi.

Har qanday demokratik islohot mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosga ega bo‘lsagina, bardavom va samarali bo‘ladi. Konstitutsiya yoki qonun davr talabi, islohot va xalq ehtiyojidan kelib chiqib, doimiy ravishda takomillashtirib boriladi. Dunyoda hech bir konstitutsiya ilk qabul qilingan tahririda saqlanib qolmagan. Masalan, XXI asrda 90 ga yaqin davlatda qomusiy islohot muvaffaqiyatli amalga oshirilgan, 57 tasida yangi hujjat qabul qilingan. Eng ko‘p o‘zgarish va qo‘shimcha Meksika, Yangi Zelandiya, Braziliya, Shveysariya, Avstriya, Isroil, Chili, Kolumbiya, Gruziya va Hindiston konstitutsiyalariga kiritilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov konstitutsiyaviy islohot bugungi hamda istiqboldagi muvaffaqiyatli, barqaror taraqqiyotning zarur huquqiy sharti va asosi ekanini ta’kidladi.

– Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida muhim vazifalar belgilangan, – dedi A.Saidov. – Mamlakatni modernizatsiya qilishning yetti yo‘nalishi bo‘yicha ellikdan ortiq kodeks, qonun, strategiya, konsepsiya hamda dastur qabul qilish va ushbu hujjatlarni hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Shu bois, konstitutsiyani yangilash jarayoni batafsil va bosqichma-bosqich belgilanadigan “Yo‘l xaritasi” zarurligini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Konferensiyada elektorat takliflarini umumlashtirib, belgilangan 9 ta yo‘nalish bo‘yicha asosiy qonunni takomillashtirish mamlakatdagi islohotlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qilishi e’tirof etildi.

Yangi konstitutsiya, birinchi navbatda, “Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida” ustuvor tamoyilini to‘liq amalga oshirish bilan bog‘liq. Shu o‘rinda qayd etish lozim, mazkur tamoyil fuqarolarning tinch va xavfsiz hayoti, asosiy huquq va erkinligini ta’minlash, munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma yaratish, mamlakatning har bir fuqarosi uchun malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, mustahkam ijtimoiy himoya tizimiga ega bo‘lish, sog‘lom ekologik muhit barpo etishni ko‘zlaydi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, yangi konstitutsiya yaratishda xorij tajribasiga ham tayaniladi. Forumda xalqaro ekspertlar tomonidan “ijtimoiy davlat – raqobatli bozor iqtisodiyoti, turli pandemiya va epidemiyalar sharoitida o‘z fuqarolariga ma’lum bir minimal farovonlikni kafolatlaydigan davlat” iborasiga bir necha bor murojaat qilindi.

– Har qanday davlat asosiy qonuniga o‘zgartish kiritish masalasini o‘zi hal qiladi, albatta, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian. Binobarin, boshqaruv usuli qanday bo‘lishidan qat’i nazar, konstitutsiyada qonun ustuvorligi, inson huquqi, fikr xilma-xilligi singari daxlsiz tamoyillar aks etishi kerak.

Konferensiya ishtirokchilari barcha masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar, muhokamalar natijasida mavzuga oid tegishli tavsiyalar ilgari surildi.

 

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA