Toshkent shahrida 13 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida Strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu rahbarlik qildi.
Dastlab Abdulaziz Komilov va Donald Lu ishtirokida kechgan tor doiradagi muzokarada ikki tomonlama hamkorlik, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar o‘zaro hurmat va bir-biri manfaatini hisobga olish tamoyiliga asoslangan konstruktiv muloqotni faollashtirish zarurligini yakdil ma’qulladilar.
AQSH tomoni yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan demokratik o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.
Qo‘shma shtatlar vakili O‘zbekistonning Afg‘oniston xalqiga ko‘maklashish va turli sohalardagi loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatiga yuqori baho berdi.
– Ikki davlat uchun ham samarali bo‘lgan yangi formatdagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish jarayonida ishtirok etish men uchun katta sharaf, – dedi janob Lu. – AQSH hukumati O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, inson huquq va erkinligini himoya qilish, demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni faol qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qilaman. Ishonaman, boshlangan strategik sheriklik muloqoti o‘zaro aloqalar yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Mamlakatimiz vazirlik, idoralari rahbarlari va AQSH delegatsiyasi a’zolari qatnashgan kengaytirilgan yig‘ilish davomida siyosat va diplomatiya, iqtisodiyot va taraqqiyot, xavfsizlik, inson o‘lchovi, madaniy-gumanitar va boshqa yo‘nalishlardagi ikki tomonlama hamda mintaqaviy hamkorlik, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari doirasidagi munosabat yuzasidan batafsil fikr almashildi.
– bugungi uchrashuv tarixiy ahamiyatga ega, chunki bu AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi ilk strategik sheriklik muloqoti. – dedi Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum. – Yig‘ilishda iqtisodiyot, xavfsizlik, ikki davlat o‘rtasidagi savdo sarmoyasini oshirish, insoniy o‘lchov, ya’ni inson huquqi singari ikki davlat uchun ham manfaatli masalalar muhokama qilinyapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan jadal islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda AQSH tomoni qanday yordam berishi mumkinligi ham muhim. Umuman, muloqot jarayonida barcha dolzarb masalalar bo‘yicha samarali taklif-mulohazalar kutiladi, muhokamalar olib boriladi.
AQSHning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi doimiy va qat’iy pozitsiyasi yana bir bor tasdiqlandi.
Tomonlar «S5+1» mexanizmi doirasidagi hamkorlikni jadallashtirish, ushbu formatni yuqori samarador darajaga olib chiqish lozimligini qayd etdilar.
Delegatsiyalar terrorizm va ekstremizm tahdidiga qarshi kurashish, Afg‘onistonda tinchlik jarayonini ilgari surish, mamlakatni mojarodan keyingi tiklash va afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatni davom ettirishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligini aniq yo‘nalishlar bo‘yicha institutsionallashtirish, shuningdek, Investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish hamda Ikki tomonlama soliqqa tortishdan qochish to‘g‘risida Bitimlar tuzish bo‘yicha muzokara jarayonini boshlash taklifi bildirildi.
– Bugun ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan juda konstruktiv fikr almashildi. O‘tkazilgan muzokaralar o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorligimiz strategik ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi, – dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov.
– Dunyodagi og‘ir epidemiologik vaziyatga qaramay, ushbu uchrashuvni o‘tkazish to‘g‘risida qarorga kelinishi tomonlarning muntazam va yaqin muloqotni davom ettirishdan manfaatdorligini anglatadi. bugungi uchrashuv natijasi, o‘ylaymanki, hamkorlikning yuqori darajasini saqlash va aloqalar rivojlanish sur’atini yanada oshirishdan har ikki mamlakat delegatsiyalari manfaatdorligini namoyon etdi.
Tadbir yakunida Strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilindi.
G‘. XONNAZAROV, O‘zA