Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida endokrinologiya sohasini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Qayd  etilganidek, haqiqatdan ham kasalliklarning oldini olish borasida birlamchi bo‘g‘inda hali qilinadigan ishlar ko‘p.  Misol uchun, so‘nggi besh yilda endokrin kasalliklari 20 foizga ortib, ayniqsa, yoshlar orasida ko‘paymoqda. Endokrin kasalliklarining og‘ir oqibatlari asosan Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Hech kimga sir emas, aksariyat hududlarimiz aholisi, ayniqsa, bolalar orasida yod yetishmaydi.

Oqibatda, bo‘qoq kasalligi Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida yuqoriligicha qolmoqda.

Bu borada Shumanay, Qorao‘zak, Shofirkon, Denov, G‘allaorol va Urgut kabi 25 dan ziyod xavotirli tuman va shaharlar mavjud. Lekin, xatlovlar to‘laqonli o‘tkazilsa, respublika bo‘yicha bu kabi kasalliklar bir necha barobarga ortadi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda har bir xavotirli tuman va shahar bo‘yicha bir yillik alohida dastur ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

– Yana bir dolzarb masala – endokrin kasalliklarini birlamchi bo‘g‘inda erta aniqlash uchun murakkab uskunalar xarid qilish shart emas. Buning uchun laboratoriyalarni jihozlash, zarur reaktivlar bilan ta’minlash va nafaqat endokrinolog, balki oilaviy shifokorlarni ham tayyorlash katta samara beradi, – dedi Prezident.  – Lekin, bitta tumanda kamida 10-15 ta laboratoriya bo‘lgani bilan qonni tahlil qilishga sharoit va mutaxassislar malakasi yetishmasligi oqibatida diabetning og‘ir asoratlari – ko‘z, buyrak va to‘piq kasalliklari bo‘yicha respublika muassasalariga murojaatlar 10 foizga oshgan.

Masalan, Uychi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 14 ta laboratoriyada jami 62 nafar, shundan markaziy shifoxona va poliklinika hamda shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi laboratoriyasida jami 40 nafar xodim ishlaydi. Ushbu xodimlarning ish haqi uchun yiliga 2,2 milliard so‘m, laboratoriyaga reaktivlar uchun esa atigi 175 million so‘m ajratilmoqda.

Tuman shifoxonasida diabeti bor bemordan bir sutkalik statsionar kuzatish davomida o‘rtacha 8 marotaba qon tahlili olish zarur bo‘lsada, 15 ta laboratoriya va 60 dan ortiq xodimi bo‘lgan tuman darajasida buning imkoni yo‘q.

Sababi oddiy markaziy shifoxona va markaziy poliklinikada laboratoriyalarning ish vaqti tushlik payti – soat 14:00 da tugaydi. Tunu kun ishlaydigan shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi laboratoriyasi esa bir hududda bo‘la turib, shifoxonaning boshqa bo‘limlariga xizmat ko‘rsatmaydi.

Yoki, tumanlarda yod defitsiti, qalqonsimon bez kasalliklarini aniqlash bo‘yicha gormonal tahlillar yo‘lga qo‘yilmagani bois aholi xususiy laboratoriyalarga borishga majbur bo‘lmoqda. Oqibatda xalqimiz sog‘liqni saqlash tizimidan mutlaqo norozi.

Shu bois endokrin kasalliklarini barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va davolash bo‘yicha alohida Dastur qabul qilinishi ma’lum qilindi.

Birinchidan, kelgusi yildan 40 yoshdan oshgan barcha aholi (10 million nafar) yiliga kamida bir marta manzilli endokrin skriningdan o‘tkaziladi.

Buning uchun, tibbiyot brigadalari va poliklinikalarning 14 mingdan ziyod oilaviy va ta’lim muassasalarining shifokorlari endokrin kasalliklarni aniqlash va birlamchi yordam ko‘rsatishga o‘qitiladi.

Har bir tibbiyot brigadasi ekspress-testlar o‘tkazish uchun glyukometr bilan ta’minlanadi.

Masalan, birlamchi shifokor ko‘rigida 10 turdagi tahlilni yo‘lga qo‘yish orqali, viloyat markazlariga murojaatlarni 50 foizga qisqartirish mumkin.

 

O‘zA