Oq uy tarqatgan bayonotga ko‘ra, Oq uy rahbari Jo Bayden va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy imzolagan Xavfsizlik kafolati bo‘yicha shartnoma Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishida “ko‘prik” vazifasini o‘tashi kerak. “Reuters” agentligi hujjat matniga tayanib shunday yozgan.
Shu tariqa AQSH Ukraina bilan ayni yo‘nalishda kelishuvga erishgan 16-davlatga aylandi. “Washington Post” gazetasi tegishli manbaga tayanib, mazkur hujjat kelajakda Ukrainaga hujum uyushtirilgan taqdirda Vashington 24 soat ichida Kiyev bilan oliy darajada maslahatlashuv o‘tkazishini nazarda tutadi, deya ma’lum qildi.
Avvalroq Prezident Jo Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jek Sallivan AQSH va Ukraina o‘rtasidagi bo‘lajak xavfsizlik kelishuvida aniq miqdor aytilmasa-da, Prezident ma’muriyatining Kiyev ehtiyoji uchun yangi mablag‘ topish bo‘yicha Kongress bilan ishlash majburiyati belgilanganini bildirgan.
Endi Qo‘shma Shtatlar 10 yil davomida Ukraina harbiylarini tayyorlashni davom ettiradi, qurol-yaroq, texnika ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga hissa qo‘shadi, razvedka ma’lumoti almashinuvi ko‘lamini kengaytiradi.
CNN ma’lumotida kelishuv “ijro etuvchi” maqomiga ega bo‘lishi aytilgan. Ya’ni, hujjat Kongress tomonidan tasdiqlanishi talab qilinmaydi. Demak, yuridik jihatdan biroz kuchsiz, keyingi Prezident tomonidan bekor qilinishi ham mumkin.