Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi sanksiya ro‘yxatini Xitoy kompaniyalari hisobiga kengaytirdi. Bu haqda Sanksiya siyosati va cheklov ijrosini ta’minlash departamenti direktori Aaron Forsberg “Associated Press”ga ma’lum qildi.
Mulozim qayd etishicha, ro‘yxatga qo‘shilganlarning aksari Xitoy kompaniyalari va jismoniy shaxslari.
– Bir manzilda boshqa nom ostida qayta ro‘yxatdan o‘tishning oldini olish uchun birinchi marta ushbu ro‘yxat o‘zgartirildi, – dedi Forsberg.
Qayd etilishicha, taqiq Ukraina bilan ziddiyatda Moskvaga yordam ko‘rsatgan kompaniyalar amalga oshirishi mumkin bo‘lgan 100 million dollar miqdoridagi savdo aylanmasining oldini olishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, 12 iyun kuni AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiya joriy etilishini ma’lum qildi. Jumladan, Moskva birja guruhi, shuningdek bozordagi bitimlar hisob-kitobini amalga oshiradigan va markaziy kontragent vazifasini bajaradigan Milliy kliring markazi hamda Milliy hisob-kitob depozitariysi ham sanksiya ta’siriga tushgan.
Umuman, Ukrainada harbiy amaliyot boshlangandan beri Vashington Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan 4000 dan ortiq kompaniya va jismoniy shaxsni qora ro‘yxatga kiritgan.
G.Sattorova,
O‘zA