13 iyun kuni Ukraina va Yaponiya ikki tomonlama Xavfsizlik bitimini imzoladi. Bu haqda Prezident Vladimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozgan:
– Bosh vazir Fumio Kisida va men hozirgina Xavfsizlik shartnomasini imzoladik. Bu hujjat dunyoning iqtisodiyot va texnologiya sohasida eng rivojlangan davlatlaridan biri bilan noyob hamkorlikni nazarda tutadi.
Endi kun chiqar yurt 2024 yil uchun Ukrainaga 4,5 milliard dollar ajratadi va shartnomaning o‘n yillik amal qilish muddati davomida ham ushbu davlatni qo‘llab-quvvatlaydi.
– Xavfsizlik va mudofaa sohasida ko‘maklashish, gumanitar, texnik va moliyaviy hamkorlik qilish, Tinchlik formulasi bandlarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borish, tajovuzkor davlatga qarshi sanksiya qo‘llash ham kelishuvni mustahkamlaydi, – deya qo‘shimcha qildi Ukraina yetakchisi. – Biz Yaponiyaning yurtimizni tiklash yo‘lidagi hamkorligini qadrlaymiz.
Eslatib o‘tamiz, NATOga kirmagan, Tinch okeani mintaqasidagi davlat bilan tuzilgan bu ilk kelishuv Yaponiya konstitutsiyasida belgilangan cheklovni inobatga olgan holda, Ukrainaga halokat keltirmaydigan uskunalar berish, yaralangan ukrainalik askarlarni davolash, razvedka va maxfiy ma’lumotlarni himoya qilish borasidagi sheriklikni ham nazarda tutadi.