Italiya janubida joylashgan Apuliya viloyatida kecha “Katta yettilik” yetakchilari sammiti boshlandi. Tadbirni mezbon mamlakat Bosh vaziri Jorja Meloni ochib, anjuman aniq natijalar berishiga ishonchi komil ekanini ta’kidladi.
G7 uchrashuvining birinchi sessiyasi boshlanishi arafasida Meloni sammit uchun Apuliya tanlangani bejiz emasligi, bu Global Janub ishtirokidagi muloqotni mustahkamlash istagiga ishora ekanini qayd etdi. Zero, Atlantika va Tinch okeanini bog‘lovchi O‘rta yer dengizi markazida o‘tayotgan tadbir Sharq va G‘arb o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishi bilan tarixda qoladi.
– Yettilik himoyalanayotgan yopiq qala emas, – dedi Meloni. – Biz birgalikda rivojlanish maqsadlarini ko‘zlab, dunyo uchun qadriyatlarni taklif qilamiz.
Mazkur uch kunlik yirik anjumanda G‘arb yetakchilari Ukraina va Yaqin Sharq, Afrika bilan hamkorlik, sun’iy intellektning salbiy oqibati kabi masalalar muhokama qilinadi.
Bugunga belgilangan Ukraina inqirozi bo‘yicha sessiyada Prezident Vladimir Zelenskiy ishtirok etadi. Majlisda Ukrainaga 50 milliard dollar ajratish masalasi ko‘riladi. Ushbu kredit Rossiyaning muzlatilgan aktivlari daromad foizi hisobidan qoplanishi nazarda tutilmoqda.