Ko‘ksaroy qarorgohida 14 iyun kuni mamlakatimizga davlat tashrifini amalga oshirayotgan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Maqsad, qarash va fikrlarning bir-biriga yaqinligi – samarali muloqotning davomli bo‘lishini kafolatlaydi. O‘zbek va koreys xalqlarining o‘xshash tomonlari ko‘p. Ochiq yuzlik, izlanish va mehnatdan qochmaslik kabi xususiyatlar ko‘p yillik qadriyat sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi yetakchilarining oliy darajadagi tarixiy uchrashuvi samarali bo‘layotganining asosida ham ana shu mushtaraklik yotibdi.

O‘zbekistonda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, investitsion muhitning yaxshilangani va qonun ustuvorligi ushbu mamlakat bilan munosabatlarda ham yangi sahifa ochdi. Birgina misol, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi keskin oshdi. Xususan, o‘tgan yil bu raqam rekord darajaga – 2,5 milliard dollarga yetdi.

Qarorgoh oldidagi maydonda ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi oldi va shohsupaga taklif qildi. Davlat madhiyalari yangradi.

Harbiy orkestr sadolari ostida yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-birlariga tanishtirdilar.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlab, diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 32 yilligi va O‘zbekiston – Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarining besh yilligi bilan chin dildan tabrikladi.

Uchrashuv chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, texnologik va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Koreya Respublikasi O‘zbekistonning yetakchi savdo va investitsiya hamkorlaridan biri ekanligi ta’kidlandi. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 2,5 milliard dollarni tashkil etdi, koreys investitsiyalari hajmi 7,5 milliard dollardan oshdi. Turistlar oqimi ortib bormoqda, Toshkent va Seul o‘rtasida bir haftada 10 ta aviaparvoz amalga oshirilmoqda.

Hamkorlik salohiyatidan yanada samarali foydalanish, yirik yuqori texnologik loyihalarni aniqlash va ilgari surish uchun yangi sheriklik modelini shakllantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Madaniy-gumanitar almashinuv samarali rivojlanayotgani yuqori baholandi. Respublikamizda Koreya yetakchi oliygohlarining 4 ta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘z navbatida, Janubiy Koreyada 11 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba ta’lim olmoqda.

Koreya madaniyati uyi, Ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi, Toshkentdagi Seul bog‘i va Seul ko‘chasi do‘stlik va hamkorlikning haqiqiy ramziga aylandi.

Prezidentlar xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning ahamiyatini ta’kidladilar.

Shuningdek, mintaqaviy, jumladan, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formatidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Xavfsizlik va mudofaa sohasida, xususan, kiberjinoyatlar, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha yaqin aloqalarni o‘rnatishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning barcha sohalari va yo‘nalishlarini qamrab olgan alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

– Keng delegatsiyangiz bilan O‘zbekistonga amalga oshirayotgan davlat tashrifingizni yurtimiz va mintaqamiz bilan ko‘p qirrali hamkorlik rivojiga katta e’tiborning yana bir tasdig‘i sifatida qabul qilamiz, – dedi Prezidentimiz.

Koreya Respublikasi O‘zbekistonning jadal va innovatsion rivojlanishida asosiy sheriklardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda energetika, kimyo, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat va boshqa sohalarda 726 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Muzokaralar chog‘ida kelgusi uch yil uchun O‘zbekiston – Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari buni “Ikki mamlakatning yuqori texnologiyali va innovatsion hamkorligining yangi davri” deb e’lon qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Shu munosabat bilan hukumatlarga O‘zbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xab yaratish bo‘yicha strategik dasturni tayyorlash topshirildi.

Ayni paytda strategiyaning tub yo‘nalishlari sifatida bir qator ustuvor sohalarda hamkorlik qilish taklif etildi.

Birinchidan, o‘ta muhim mineral resurslar sohasidagi hamkorlik. Bu resurs bazasini chuqur qayta ishlagan holda qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirini yaratishni nazarda tutadi.

Ikkinchi. Koreya Respublikasi an’anaviy ravishda global yetakchilardan biri hisoblangan yarimo‘tkazgichlar sohasida strategik hamkorlik. Bu borada mamlakatimizda mintaqada birinchi yaxlit ilmiy-ishlab chiqarish klasterini barpo etish rejalashtirilgan.

Uchinchi. Kimyo sanoatida keng ko‘lamli hamkorlik. “Yashil” vodorod va ammiak ishlab chiqarish, shuningdek, tayyor rezinotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar tayyorlangan.

To‘rtinchi. Mashinasozlikda kooperatsiyani chuqurlashtirish. Joriy yil bahorida Jizzax viloyatida KIA avtomobillarini yig‘ish liniyasi ishga tushirildi. Kelgusi yilda yiliga 60 mingdan ortiq sedan ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilgan.

Beshinchi. “Aqlli” qishloq xo‘jaligini yaratishga texnologiyalarni jalb qilish, shu jumladan, agrar tarmoqni raqamlashtirish, “aqlli” va “yashil” texnologiyalarni joriy etish.

Mamlakatimiz hududlarida qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari va bog‘dorchilik majmualarini barpo etish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Oltinchi. Infratuzilmani modernizatsiya qilish va shaharsozlik dasturi. Koreya banklari va kompaniyalarining transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida turar joy va tijorat ob’ektlarini loyihalashtirish va qurishga qiziqishi yuqori ekani ta’kidlandi.

Yettinchi. Zamonaviy va xavfsiz energetika. “Yashil” energetika va energiya samaradorligini oshirish sohasida istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish uchun tomonlar energetika vazirlari darajasida strategik muloqotni qayta tiklashga va uning navbatdagi yig‘ilishini yaqin orada O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib oldilar.

Koreya Eksimbanki va EDCF jamg‘armasi bilan sheriklik muvaffaqiyatli bo‘layotgani mamnuniyat bilan qayd etildi, ular bilan qo‘shma loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshgan.

EDCF jamg‘armasi doirasida 2 milliard dollarlik yangi loyihalar, jumladan, yuqori tezlikdagi elektr poyezdlarni yetkazib berish, “Toshkent Farma Park” loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish va ta’lim muassasalarini jihozlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Hozirgi sammitga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha 9,6 milliard dollarlik yangi loyihalar portfeli shakllantirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Prezidentlar madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar.

Samarali sheriklikning yaqqol misoli Koreya tomoni bilan hamkorlikda qurilgan zamonaviy ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi hisoblanadi.

Muzokaralar chog‘ida kattalar uchun shifoxona, onkologik klinika va qo‘shma universitetni o‘z ichiga olgan tibbiy klaster loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, Koreyaning ixtisoslashtirilgan markazlarida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishga tushiriladi.

Ta’lim sohasida hamkorlik bo‘yicha katta tajriba to‘plangan. O‘tgan yilning martida birinchi O‘zbekiston-Koreya rektorlari forumi bo‘lib o‘tdi. Kelgusi yili navbatdagi uchrashuv o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda Koreya fan va texnologiyalari instituti (KAIST) modeli asosida institut tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, Koreya Davlat boshqaruvi instituti va Milliy inson resurslari instituti bilan hamkorlikda Toshkentdagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt o‘quv markazini ochish rejalashtirilgan.

Koreyalik mutaxassislarni jalb qilgan holda koreys tilini o‘rganish dasturlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

KOICA ko‘magida Toshkent, Samarqand, Shahrisabz, Farg‘ona va Urganchda ochilgan professional ta’lim markazlarida o‘zbekistonlik fuqarolar muvaffaqiyatli tayyorlanayotgani qayd etildi.

Koreya tomoni moliyaviy-texnik ko‘makni jalb qilgan holda bunday markazlar tarmog‘ini O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham ochishga tayyorligini bildirdi.

Ikki xalqni yanada yaqinlashtirish maqsadida kelgusi yilni “O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi o‘zaro almashinuvlar yili” deb e’lon qilish va o‘zaro madaniy tadbirlarni o‘tkazish taklif qilindi.

2027 yilda O‘zbekistonda koreys diasporasi istiqomat qilayotganining 90 yilligi keng nishonlanadi.

Prezidentlar bu tarixiy sanaga atab Toshkent shahridagi Koreys madaniyati va san’ati uyida muzey va kutubxona ochishga kelishib oldilar.

Davlatimiz rahbari “Elektron hukumat”ni rivojlantirish, “Raqamli O‘zbekiston” strategiyasini ishlab chiqish, IT-park salohiyatini mustahkamlash va “U-Enter” biznes inkubatorlarini yaratishda Koreya tomonining katta hissasini qayd etdi.

Bu borada tomonlar sun’iy intellekt, biznes jarayonlarini autsorsing qilish va raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, ekologiya, mehnat migratsiyasi va boshqa muhim yo‘nalishlarda aniq takliflar ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq muddatlar va amalga oshirish mexanizmlari belgilangan “yo‘l xaritalari”ni qabul qilishga topshiriq berdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol o‘rtasida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi.

Davlat rahbarlari Alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va har tomonlama kengaytirish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Davlat tashrifi doirasida jami 17 ta hujjat, shu jumladan:

– Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi bilan hukumatlararo bitim;

– Koreya Eksport-import banki va “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan tezyurar elektr poyezdlarini xarid qilish va yetkazib berish to‘g‘risida bitimlar;

– Koreya Eksport-import banki bilan o‘rta maktablar uchun fan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uskunalarini yetkazib berish to‘g‘risida bitim;

– «Toshkent Farma Park» innovatsion farmatsevtika klasteri loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida bitim;

– O‘zbekiston davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;

– Jahon savdo tashkiloti doirasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– Transport sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv;

– O‘zbekiston hududlarida markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishuv;

– O‘ta muhim minerallar sohasida sheriklik to‘g‘risida kelishuv;

– Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya qo‘shma qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida kelishuv;

– Malakali va professional kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

– Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

– “O‘zsanoatqurilishbank” AJ bilan Koreya Eksport-import banki o‘rtasida banklararo master-kredit liniyasi to‘g‘risida bitim imzolandi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot bilan chiqdilar.

Yetakchilar ochiq va do‘stona muhitda, konstruktiv va ishonchli muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvlar natijalarini yuqori baholadilar.

Davlatimiz rahbari Koreya jahonda jadal taraqqiy etib borayotgan mamlakatlardan biri, O‘zbekistonning vaqt sinovlaridan o‘tgan alohida strategik hamkori ekanini ta’kidladi.

– Koreya davlati bizdan ancha olisda joylashgan bo‘lsa-da, xalqlarimizning urf-odat va qadriyatlari, ma’naviy olami va dunyoqarashi bir-biriga o‘xshashdir. Biz yaqin do‘st sifatida olijanob va bag‘rikeng koreys xalqi erishayotgan katta muvaffaqiyatlardan behad quvonamiz va faxrlanamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston rahbari koreys hamkasbi bilan muzokaralar chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangani, yangi reja va marralar olinganini ta’kidladi.

Hamkorlikning barcha mexanizmlariga tizimli tus berish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, o‘zaro savdoda muvozanatni ta’minlash muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Shu ma’noda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mita va tashqi siyosat idoralari o‘rtasida Strategik muloqotning birinchi yig‘ilishi natijalari yuqori baholandi.

O‘zbekiston rahbari Koreya Prezidenti bilan birga mamlakatimizga katta ishbilarmonlar delegatsiyasi kelganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Biznes forumda Koreyaning 80 dan ortiq yetakchi kompaniyalari ishtirok etayotgani va 9,6 milliard dollarlik yangi loyihalar to‘plami tayyorlangani savdo-iqtisodiy hamkorlikka kuchli turtki berishiga ishonch bildirildi.

Yaqin yillarga mo‘ljallab O‘zbekiston – Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari koreys kompaniyalari bilan hamkorlikning ayrim ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.

Masalan, o‘ta yupqa mis folgasi, “yashil” vodorod, ammiak, agrokimyo, yarimo‘tkazgichlar va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar mavjud. O‘zbekiston avtomobil rusumlari qatorini kengaytirish va ishlab chiqarishni ko‘paytirishdan manfaatdor. Qishloq xo‘jaligi sohasida Koreyaning “yashil” va “aqlli” texnologiyalarini transfer qilish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishilgan.

Koreya kompaniyalari davlat-xususiy sheriklik asosida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ishtirok etadi.

Davlat rahbarlari ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.

O‘zbekistonning an’anaviy hamkorlari – Eksimbank, EDCF jamg‘armasi va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan sheriklikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

EDCF bilan umumiy qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan yangi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha bitimlar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar, shuningdek, kasbiy ta’lim va mehnat migratsiyasi, ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

Muzokaralar chog‘ida yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan pozitsiyalar o‘xshashligini tasdiqladilar.

Davlatimiz rahbari kelgusi yil Seulda “Markaziy Osiyo – Koreya” formatidagi birinchi sammitni o‘tkazish taklifini ma’qulladi va Prezident Yun Sok Yolning Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha qat’iy qadamlarini qo‘llab-quvvatladi.

Madaniy-gumanitar sohada tomonlar 2025 yilni “O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi almashinuvlar yili” deb e’lon qilishga kelishib oldilar. Uning doirasida o‘zaro madaniyat haftaliklari, yoshlar, ta’lim, til va sport forumlari, san’at va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, turizm tadbirlari o‘tkaziladi.

Umuman, O‘zbekiston va Koreya Prezidentlari zamonaviy sharoitlarda hamkorlikning yangi modelini yaratishga kelishib oldilar.

– O‘zaro munosabatlarimizda “Yuqori texnologik va innovatsion hamkorlikning yangi davri” boshlanmoqda. Bugun imzolangan Alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va har tomonlama kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot va yigirmaga yaqin boshqa hujjatlar bu ezgu niyatlarimizga xizmat qilishiga aminman, – dedi davlatimiz rahbari.

Qo‘shma rejalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va tezlashtirish maqsadida davlatimiz rahbari loyihalarni nazorat qilish hamda ko‘maklashish bo‘yicha ko‘p bosqichli mexanizmni joriy etishni taklif qildi.

O‘zbekiston bilan Koreya o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralar yakunida Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdilar.

Marosim xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuv mustahkamlanayotgani, ikki mamlakat yetakchilarining O‘zbekiston – Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qat’iy intilishining ramziy ifodasi bo‘ldi.

So‘ng Prezidentlar Toshkent shahridagi Texnoparkka tashrif buyurdilar.

Oliy martabali mehmonga Texnopark korxonalarida ishlab chiqarilayotgan keng turdagi yuqori texnologik mahsulotlar, jumladan, Janubiy Koreyaning «Samsung Electronics» kompaniyasi texnologiyasi asosida tayyorlanayotgan texnika namunalari namoyish etildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan sanoat majmuasida umumiy qiymati 365 million dollar bo‘lgan 16 ta ishlab chiqarish quvvati joylashgan. Bu yil logistika markazi ish boshlaydi.

Mahsulotlar xorijiy brendlar ostida va ularning nazoratida ishlab chiqariladi, ichki va tashqi bozorlarda katta talabga ega. Ular 10 ta davlatga eksport qilinmoqda.

Prezidentlar ikki mamlakat yetakchi korxonalari kooperatsiyasini kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarni transfer qilish muhimligini ta’kidladilar.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Yun Sok Yol O‘zbekiston – Koreya biznes forumida ishtirok etdi.

Koreya tomonidan tadbirda SK Group, Lotte Corporation, KOGAS, POSCO, Samsung, LG, Hyundai, KIA, Doosan, BoMI, Eksimbank, EDCF jamg‘armasi, Koreya taraqqiyot banki kabi 80 dan ortiq yetakchi kompaniya va bank-moliya institutlari rahbarlari qatnashdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Koreya Respublikasi O‘zbekistonning an’anaviy va yirik savdo, investitsiya va texnologik hamkorlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida yetakchilar savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish choralarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida kelishib oldilar.

Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda Koreya Respublikasi O‘zbekiston iqtisodiyoti va sanoatini modernizatsiya qilishda muhim hamkorga aylanganini ta’kidladi. Bugungi kunda Koreyaning yetakchi kompaniyalari va banklari bilan 5 milliard dollarlik yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

POSCO kompaniyasi bilan to‘qimachilik klasteri, Eksimbank va CNT bilan ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi, Shingdong Enercom bilan kremniyni qazib olish va qayta ishlash kabi loyihalar bu boradagi muvaffaqiyatli sheriklikka misol bo‘ladi.

Prezidentimiz Yangi O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligi va investorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar ortga qaytmasligini alohida ta’kidladi.

– O‘zbekiston – Koreya hamkorligining salohiyati juda yuqori. Bizning iqtisodiyotlarimiz bir-birini samarali to‘ldirishga qodir, – dedi Prezident.

Shu nuqtai nazardan kelgusi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Avvalo, strategik xomashyoni ilg‘or texnologiyalar asosida chuqur qayta ishlash va yuqori qiymatli mahsulotlarni uchinchi davlatlarga eksport qilish.

Bu borada muhim qadam sifatida o‘ta yupqa mis folgani birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha bitim imzolandi. Shuningdek, O‘zbekiston – Koreya nodir metallar ilmiy-texnologik markazi faoliyatini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan.

Elektrotexnika sanoatidagi sheriklik doirasida Toshkent viloyatida Markaziy Osiyoda birinchi yarimo‘tkazgichlar klasterini barpo etish hamda elektrotexnika va texnik kremniy ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiyani kengaytirish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston kimyo sohasida koreys biznesi bilan strategik sheriklikni rivojlantirish niyatida. “Yashil” vodorod, ammiak va kauchuk mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, tashrif doirasida Eksimbank va KOICA ko‘magida Kimyo texnologiyalari markazini tashkil etishga start berilmoqda.

O‘zbekiston Koreyaning infratuzilma va shaharsozlik sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganishdan manfaatdor. Bu borada koreys hamkorlarning davlat-xususiy sheriklik asosida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishdagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari koreys ishbilarmon doiralari vakillariga O‘zbekiston Hukumati barcha kelishuvlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishda faol qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Shu maqsadda qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirish va ilgari surishning yangi tizimi joriy etilishi e’lon qilindi.

O‘z navbatida, Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini yuqori baholab, o‘zaro manfaatli sheriklik ko‘lamini kengaytirish uchun ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari