Toshkent shahridagi «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida 8 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi raisligida “Italiya – Markaziy Osiyo” shaklidagi ikkinchi vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyaning birinchi yig‘ilishi 2019 yil 13 dekabrda Rimda bo‘lib o‘tgan.

Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Italiya va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idoralari rahbarlari, iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari, sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Italiya tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Luiji Di Mayo anjumanning dolzarbligi, muhim ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Bu galgi yig‘ilish kun tartibi ham zamonaviy tahdid, xavf-xatarlar tufayli mintaqa mamlakatlari oldida paydo bo‘layotgan muammolarni bahamjihat bartaraf etishga qaratilgani qayd etildi.

Konferensiya uchta alohida yalpi sessiya tarzida o‘tkazilib, “Markaziy Osiyodagi hozirgi tahdid va yangi imkoniyatlar, milliy ustuvorlik”, “Xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning dolzarb jihatlari”, “Sog‘liqni saqlash sohasining ustuvor yo‘nalishlari va koronavirusga qarshi birgalikda chora-tadbirlar ishlab chiqish” mavzularini qamrab oldi.

Delegatsiyalar Markaziy Osiyo davlatlari va Italiya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbolini muhokama qildilar, zamonaviy tahdid va xatarlarga birgalikda javob berish muhimligini ta’kidladilar. Mintaqadagi ekologik muammolarni hal etish, ekstremizm va terrorizm kabi transmilliy tahdidlarning oldini olish, shuningdek, millatlararo totuvlik, xalqlararo do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlash yo‘llari tahlil etildi.

Mintaqaviy iqtisodiy sheriklikni takomillashtirish, savdo-investitsiya, transport va tranzit sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Energetika, agrobiznes va sanoat uskunalari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Pandemiyaga qarshi kurashish va kasallik oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari yuzasidan fikr almashildi, sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab olindi.

– “Italiya – Markaziy Osiyo” shaklidagi ikkinchi vazirlar konferensiyasi uchun aynan Toshkent tanlangani bejiz emas, – dedi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakala. – Zero, O‘zbekiston bugungi kunda mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash, zamonaviy tahdidlarga munosib javob berish va shu orqali global muammolarga nisbatan ham o‘zining ob’ektiv pozitsiyasini bildirishda juda faol. O‘ylaymanki, YeI va O‘zbekiston o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan izchil munosabat ushbu formatdagi hamkorlik samaradorligini ta’minlashga ham ko‘maklashadi.

Tadbir doirasida “Markaziy Osiyo va Italiya o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqboli” mavzusida Markaziy Osiyo va Italiyaning yetakchi ekspertlari ishtirokida davra suhbati ham tashkil etildi. Muloqot davomida mintaqaviy boshqaruvning konseptual modellari, barqaror va inklyuziv rivojlanish, madaniy merosni muhofaza qilish va targ‘ib etish, ilmiy, akademik aloqani faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.

 

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA muxbiri