Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasiga davlat tashrifi tafsilotlari dunyo OAVda keng yoritilmoqda.
Ikki mamlakat rahbari uchrashuvining turli jihatlari siyosatchilar, ekspertlar tomonidan qizg‘in muhokama etilyapti.
Mkasalan, Amerikaning eng nufuzli nashrlaridan biri – “Forbes” jurnalida “Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi” sarlavhasi ostida maqola chop etildi.
Maqolada Qozog‘iston va O‘zbekiston rahbarlari ikki tomonlama strategik sheriklikning keng ko‘lamli masalalarini, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-tranzit, madaniy-gumanitar hamkorlikning asosiy jihatlarini muhokama qilgani ta’kidlangan.
– Mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, ko‘p tomonlama tuzilmalar orqali o‘zaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Qasim-Jomart Toqayev Shavkat Mirziyoyevni samimiy qutlar ekan, ushbu davlat tashrifi Qozog‘iston-O‘zbekiston hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishini qayd etdi, – deyiladi maqolada.
Shuningdek, jurnal sahifasida ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanishi haqiqatan ham ikki davlat munosabatining yangi bosqichini belgilab berishi, imzolangan hujjatlar to‘plami mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikka qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashi, bundan tashqari, hukumatlarga yaqin kelajakda tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollargacha yetkazish bo‘yicha faol choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma berishga kelishib olinganiga urg‘u berilgan.