Prezidentimiz raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida kelgusi yilda ipoteka dasturlari doirasida 50 mingga yaqin xonadonli uy-joylar qurilishi ma’lum qilindi.

Bunga qariyb 13 trillion so‘m maqsadli kredit va 1,3 trillion so‘m subsidiya ajratiladi.

– Bu dastlabki hisob-kitoblar. Agar talab bo‘lsa yana qo‘shimcha resurs ajratiladi. Buning uchun aholi va quruvchi tadbirkorlarga ipoteka tizimi va qurilish sohasida bo‘ladigan yengillik, qulaylik va imkoniyatlar beriladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Birinchidan, bugungi kungacha ipoteka kreditlari va subsidiya olishda uy-joy maydoni va narxi bilan bog‘liq cheklovlar bor edi (maydoni – 70 kvadrat metrgacha, narxi – 400 million so‘mgacha). Bundan buyon ipoteka kreditlari shartlaridan ushbu cheklovlar chiqarib tashlanadi.

Endi sotib olinadigan xonadonning maydoni va narxidan qat’i nazar, ehtiyojmand aholiga dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun 32 million so‘m subsidiya to‘lanadi.

Ehtiyojmand aholi tomonidan kreditni qaytarishda foizning davlat tomonidan qoplab beriladigan subsidiya miqdori barcha hududlar uchun bir xilda 10 foiz etib belgilanadi (hozirda viloyatlarda 10 foiz, Toshkent shahrida 12 foizdan yuqori qismi qoplab berilmoqda).

Subsidiyalar yakka tartibdagi uy-joy qurish va ta’mirlash uchun olingan kreditlar uchun ham beriladi. Ya’ni, uy-joy hovlisini kengaytirish, eski uyini buzib, 2 qavatli qilish orqali zamonaviy qiyofaga keltirish istagida bo‘lgan fuqarolarimizga kreditning 10 foizdan yuqori qismiga subsidiya beriladi.
 

O‘zA