2021 yil 24 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Norvegiya Qirolligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgoxi Oslo shahrida) etib tayinlangan Jon Mikal Kvistadni qabul qildi.

Ishonch yorliqlarini qabul qilar ekan, vazir elchini yuqori ma’suliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va faoliyatiga omad tiladi.

Suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O‘zbekiston – Norvegiya munosabatlarining bugungi holati va yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, tomonlarining xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro hamkorligi muhokama qilindi.

Bo‘lajak tadbirlar, xususan, vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini o‘tkazish jadvali ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik ayrim masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

 

G‘.Xonnazarov