To‘kin bozor xalq farovonligi, rizq-ro‘z butunligi, dasturxon to‘kin-sochinligidan nishona. Azaldan yurtning bozoriga qarab xalqning madaniyati, turmush tarziga baho berilgan.
Xo‘sh, bugungi kunda Farg‘ona viloyatida bozorlar qay ahvolda? Sotuvchi va xaridorlar uchun zamonaviy sharoit yaratilgami? Savdo manzillarida sanitar holat qanday?
O‘tgan yillarda Qo‘qon, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlaridagi bozorlar butunlay yangi qiyofa kasb etdi. Ko‘plab tumanlardagi dehqon bozorlari ham rekonstruksiya qilindi. Ayniqsa, Prezidentimizning 2017-yil 27-martdagi “2017-2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida joylarda keng ko‘lamli ishlar davom ettirilmoqda.
Ammo, barcha bozorlar ham bugungi kun talablariga javob beradi, deyish qiyin. Masalan, Toshloq tumani markazida joylashgan “Dehqon bozori” hamda “Fayz baraka” savdo kompleksi tuman mutasaddilarining e’tiboridan chetda qolgan. Bu yerda sotuvchi va xaridorlar uchun hech qanday sharoit yo‘q. Sotuvchilar va o‘z mahsulotini bozorga olib chiqqan kishilar yo‘laklarni o‘zboshimchalik bilan savdo nuqtasiga aylantirib olishgani yo‘lovchilar uchun qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
Bu yerdagi sanitariya holati haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Savdo va tozalik madaniyatiga ko‘zingiz tushib, bozor haqidagi tasavvuringiz bir zumda o‘zgaradi. Bozor ma’muriyati va tegishli tashkilotlarning o‘z ishiga bunday sovuqqonlik bilan yondashishi xaridorlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘layotir.
“Fayz baraka” savdo komleksida bugungi kunda bor yo‘g‘i 28 nafar yakka tadbirkor ro‘yxatga olingan. Ammo bu yerdagi savdo xizmati ko‘rsatayotganlar soni ancha ko‘p. Eng achinarlisi, savdo rastalarida na bank plastik kartochkasi bilan ishlaydigan to‘lov terminali va na nazorat kassa mashinasi bor. Tuman davlat soliq inspeksiyasining birinchi o‘rinbosari Otabek Roziqov bu holatni hech narsa bilan izohlay olmadi. Soliq xizmati xodimlari bu borada sansalorlikka yo‘l qo‘ymoqda.
Ushbu har ikki bozordagi oylik tushumlar ko‘rsatkichi ham juda past. Axir bu tushumlar mahalliy byudjetga yo‘naltiriladi-ku?! Nahotki tuman mutasaddilari buni bilishmasa? Bozorlarda yig‘imlarning talab va qonuniy darajada emasligini amaldagi tartiblarni buzib, yo‘lak yoqasida savdo qilayotganlar ham joy uchun pul to‘layotganidan bilsa bo‘ladi. Bu borada mutasaddilar o‘zibo‘larchilik qabilida ish tutsa, rahbariyat loqaydlik qilsa, bozorda boshboshdoqlik, tartibsizlik avj oladi.
Toshloq tuman hokimligidan bu borada javob kutib qolamiz.