Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan qo‘shma majlisidagi nutqida adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash – mamlakatimizda xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zaruriy sharti ekanini ta’kidladi.

O‘tgan davrda O‘zbekistonda bu borada katta ishlar amalga oshirildi.

– Ayni vaqtda odil sudlov tizimining chinakam mustaqilligi va ochiqligini ta’minlash, huquq-tartibot organlari faoliyatini takomillashtirish, advokatura institutini kuchaytirish, ushbu sohalar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha oldimizda ko‘pgina vazifalar turibdi.

Kelgusida ma’muriy sudlar faoliyatini xalqaro andozalar asosida takomillashtirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Sud xususiy mulk himoyasida turib, fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini tiklash orqali ijro idoralarini qonun doirasida ishlashga majbur qiladigan tizimni yaratishimiz zarur. Bu esa jamiyat taraqqiyotiga, birinchi navbatda, uning iqtisodiy ravnaqiga xizmat qiladi.

Biz mamlakatimiz rivojini, aholi farovonligini ta’minlashda hal qiluvchi o‘rin egallaydigan tadbirkor va mulkdorlar huquqlarini har tomonlama himoya qilamiz.

Bu borada qonun buzilishini mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan favqulodda holat deb baholaymiz.

Shu munosabat bilan xususiy mulk ustuvorligi qonunlarimizda asosiy tamoyil sifatida belgilandi. Davlat idorasi ma’lumotiga ishonib mol-mulk sotib olgan shaxsning huquqi buzilmasligi ta’minlanadi, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

O‘zA