O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining poytaxtimizdagi “Jar” sport majmuasida qo‘l jangi bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq chempionat final bahslarida Milliy gvardiya jangchilari yetti finaldan beshtasida g‘oliblikka erishdi.
Mudofaa vaziri A.Azizov, O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni B.Toshmatov musobaqa ishtirokchilari va tomoshabinlarni umumxalq bayrami – Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi bilan tabriklab, sportchilarga muvaffaqiyat tiladi.
O‘zbekiston MXX jamoasi vakili, O‘zbekiston chempioni Abdumannon Mo‘ydinov va “Dinamo” sport jamiyati vakili Jasur Jo‘rayevlar 65 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasi bo‘yicha dastlabki final bosqichida o‘zaro bahslashdi. Yakkalik bahslarining birinchi yarmida A.Mo‘ydinov yetakchilik qildi, biroq bong urishiga 5 soniya qolganida hisob tenglashdi – 11:11. Lekin shunga qaramay, 5 soniya ichida MXX vakili g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Milliy gvardiya jamoasi vakili, Jahon va Osiyo chempioni Muhiddin Mamajonov 70 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida g‘olib deb topildi. Ikkinchi o‘ringa uning jamoadoshi Rahmonali Nishonboyev sazovor bo‘ldi.
MXX jamoasi vakili, O‘zbekiston chempioni Murtazobek Mamashokirov 75 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Milliy gvardiya jangchisi, Jahon kubogi sovrindori Jahongir Jumayev bilan yakkalik uchrashuvlarida bahs olib bordi. U oyoqda zarba berish bo‘yicha epchilligi bilan 15:10 hisobida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
80 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi musobaqalarda Milliy gvardiya vakili Muhammadjon To‘rayev Mudofaa vazirligi jamoasidan bo‘lgan Otabek Ro‘ziyev ustidan g‘alaba qozondi.
Milliy gvardiya jamoasi vakili, Jahon chempioni Abdujalol Xo‘jamurodov 85 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida bo‘lib o‘tgan janglarda MXSK jamoasi vakili, Osiyo chempioni Bekzod Nurmatovni texnik nokautga uchratib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
MXSK jamoasi vakili, Osiyo chempioni Botirbek Xo‘jabekov 90 kilogrammgacha bo‘lgan vazndagi yakkalik bahslarida “Dinamo” jamoasi vakili, Yevropa ochiq chempionati g‘olibi Jahongir Mansurov ustidan g‘alaba qozondi. U dastlab 5:1 hisobida yetkchilik qilgan bo‘lsa-da, bong urilgunga qadar Jahongir hisobni tenglashtirdi, biroq bir necha soniya ichida Botirbek g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
90 kilogrammdan ortiq vazn toifasida g‘oliblik Milliy gvardiya vakili, jahon chempionati sovrindori, Yevropa chempioni Ilyos Raimovga nasib etdi. U MXX jamoasi vakili bo‘lgan O‘zbekiston chempioni Islomjon Azimov bilan yakkalik bahsini olib bordi. Raimov raqibidan bo‘yi baland bo‘lishiga qaramay, dastlab 8:5 hisobida yengilayotgan bo‘lsa-da, jang tugashiga bir necha soniya qolganida hisobni 11:11 ko‘rinishga keltirdi. Final uchrashuvida Raimov boks bo‘yicha tajribasiga tayanib o‘z raqibini chuqur nokdaunga uchratdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, jamoaviy hisobda Milliy gvardiya jamoasi birinchi, MXSK jamoasi ikkinchi, MXX jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. G‘oliblarga turli nominatsiyalar bo‘yicha sovg‘alar topshirildi. Tomoshabinlar olqishi sovrini Abdujalol Xo‘jamurodovga nasib etdi.