Najibaxon aya Abdullayeva (Marg‘ilon): 

– Jonajon O‘zbekistonimizda bo‘lgani kabi marg‘ilonliklar ham Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini katta umid bilan kutib oldi. Bu tarixiy hujjat ko‘hna hunarmandlar shahrining har bir oilasi, xonadoni, mahallasida chuqur o‘rganilmoqda.

Men qirq yildan ziyod ta’lim sohasida mehnat qildim. 4 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdim. Nabiralarim el koriga yarab qoldi. Baxtli farovon hayot kechiryapman. Yagona orzuim musulmonchilikni muhim amallaridan biri – Haj safarini ado etish edi. Allohga shukrkim, Muhtaram Prezidentimizning hajga har tomonlama munosib insonlar borishi lozimligi to‘g‘risidagi fikrlaridan keyin mening qalbimda ham bir uchqun paydo bo‘ldi. Mahallamizda bo‘lib o‘tgan yig‘inda mening nomzodim ham tavsiya qilindi. Yurtimiz ijtimoiy hayotida faol ishtirokim, mahalladagi tadbirlarda doimiy qatnashib kelganligim e’tiborga olinib, haj ziyoratiga borishim aytilganida ko‘zlarimga yosh keldi.

Menga ushbu ezgu amalni bajarish jarayonida mahallamizda istiqomat qilayotgan diniy ekstremistik oqimiga kirib qolgan ojiza ayolning biriktirib berilgani zimmamdagi mas’uliyatni ikki karra oshirdi. Endilikda men ushbu fuqaroning yurtimiz ijtimoiy hayotiga qaytishi, Vatanga daxldorlik hissini oshirishga bo‘lgan ishonchini uyg‘otishga, uni chinakam vatanparvar bo‘lib tarbiyalanishiga o‘z hissamni qo‘shaman.

Bildirilgan yuksak ishonch uchun avvalambor, muhtaram Prezidentimizga, mahallamiz ahliga minnatdorlik bildiraman. Alloh taolo barchani niyatlariga yetkazsin.

Ma’mirjon Xolmatov (Farg‘ona shahri):

– Men 40 yildan ortiq xalq xizmatida bo‘ldim. Hozirda nafaqadaman. Birdan bir orzuim muqaddas haj safariga borish edi. Shu maqsadda 2008-yil ariza bilan murojaat qilib, ro‘yxatga qo‘yilgan edim.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 1 sentyabr kuni Hazrati Imom majmuasiga tashrifi jarayonida haj ziyoratiga borish tartibiga o‘zgartirish kiritish lozimligi, bundan keyin fuqarolardan xalqqa foydasi tekkan, diniy ilmlardan xabari bor, ma’naviyatli eng munosib odamlar borishi kerakligi to‘g‘risidagi fikrlaridan nafaqat meni balki, butun mahalladoshlarimizning boshi ko‘kka yetdi.

Shu kundan insonlarga yaxshilik qilish, muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilish hissi meni tark etgani yo‘q. Shu niyatda mahallamizdagi kam ta’minlangan oilani otaliqqa oldim. Shu bilan birga to‘g‘ri yo‘ldan adashib, diniy ekstremistik oqimlar ta’siriga tushgan mahalladoshimni to‘g‘ri yo‘lga solish, vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirish va eng muhimi bunday yo‘lga qaytib kirmasligi uchun tarbiyaviy ishlarni olib borishni o‘zimning davlatim oldidagi fuqarolik burchi sifatida qabul qildim.

Otam diniy ilmga ega inson edi. Lekin ota-onamga haj ziyoratiga borish nasib etmadi. Bu niyatga yetishish ostonasida turibman. Mahalla faollari, ishchi guruh yig‘ilish o‘tkazib, mening nomzodimni tavsiya etishganida ichimga sig‘may ketdim. Vatan oldidagi uzoq yillik mehnatim rohati shu bo‘lsa, ajab emas. Bunday yuksak ishonch uchun avvalo davlatimiz rahbaridan, mahalladoshlarimdan minnatdorman.

Bo‘ritosh aya Bekmurodova (Xatirchi tumani): 

– Men bir oddiy ayol sifatida umrimni farzandlarim tarbiyasi, oilam farovonligi uchun baxsh etgan insonman. Allohga shukrlar bo‘lsinkim, oilam tinch, farzandlarim el xizmatida. Har bir mo‘min musulmon singari men ham haj safariga borishni niyat qilgan edim. Lekin bu kunlarga Yaratgan yetkazarmikan, degan hadik bor edi ko‘nglimda.

Xudoga shukr, Prezidentimiz tomonidan haj ziyoratiga boruvchilar uchun ko‘plab qulayliklar va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Muhtaram Prezidentimiz 1 sentyabr kuni Hazrati Imom majmuasiga tashrifi chog‘ida “Hajga har tomonlama munosib insonlar borsin. Mahallada ibrat bo‘ladigan, yoshlarga nasihat qiladigan, adashgan insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan nuroniylar manashunday tabarruk joylarga borsa qanday yaxshi”, dedi. O‘z o‘rnida biz ham hajga boradigan inson sifatida shu safarga munosib bo‘lishimiz, mahallamizda faol, xalq dardi bilan yashaydigan insonlardan bo‘lishimiz lozim.

Tillo ota Mustafoyev (Urgut tumani): 

– 1928-yilda tug‘ilganman. Terak mahallasida yashayman. Yoshim qariyb bir asrga yetib shunga amin bo‘ldimki, bizning hozirgiday zamon hech qachon bo‘lmagan. Boshimizdan qanchadan-qancha sinovli kunlar o‘tdi. Xudoga shukrki, bugun mana shunday farovon, to‘kin-sochin kunlarga yetdik. Buning uchun avvalo Alloh taologa shukronalar aytishimiz kerak.

Men Muxtaram Prezidentimizning Hastimomda aytgan so‘zlarini eshitdim. U kishi mahallaga ibrat bo‘ladigan, yoshlarga nasihat qilib turadigan, adashgan insonlarni kechirib, ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadigan insonlar hajga borishga munosib deb aytdi. Darhaqiqat, xalqimiz azal-azaldan bir-biriga qayishgan, yaxshi yomon kunlarida bir-biriga kamarbasta bo‘lib kelgan. Shuning uchun ham yurtimizda baraka bor.

Bugun nabiralarim, ularning farzandlari bo‘yi bastlariga qarab quvonaman. Negaki ular baxtli zamonda yashayapti. Men ularga hamisha nasihat qilib kelaman. Shunday zamonning kadriga yetinglar deb. Xudo yetkazsa, ziyoratda ham, toki umrim boricha duoda bo‘laman.

Habiba Mansurova (Ishtixon tumani): 

– Har kun erta tongda turib duoga qo‘l ochaman, yurtimizdagi tinchlik va farovonlikka, bahamjihatlik va mehru oqibatga aslo ko‘z tegmasin, deyman. Chunki dasturxonlarimizning to‘kinligi, ertangi kunimizdan ko‘nglimizning to‘qligi – barcha-barchasi tinchligimiz tufayli ekanligini yaxshi bilaman. Yurtdoshlarimiz muborak islom dinining farzlaridan biri sanalgan haj amalini munosib ado etishlariga bugun davlat ahamiyatidagi masala sifatida e’tibor berilayotganligi, ular uchun barcha sharoitlarning yaratib berilayotganligining o‘zi ham mamlakatimizda insonning qadri naqadar ulug‘ ekanidan dalolat beradi.

Har yili yuzlab yurtdoshlarimiz muborak haj safarida bo‘lishmoqda. Muqaddas haj safari davomida ularga yaratib berilayotgan qulaylik va g‘amxo‘rliklardan boxabarmiz.

Ana shularni kuzatib mening dilimda ham muborak haj farzini ado etish umidi uyg‘ondi. Oilam tinch, farzandlarim yonimda meni qo‘llab-quvvatlashga qodir. Niyatim Olloh bergan rizq-nasibamning barokati, farzandlarimning kamolini tilab, muqaddas shaharlar bo‘lmish Makka, Madinaga borish, zimmamdagi farzni to‘la ado etish, tinchligimiz, farovonligimiz uchun shukronalar aytishdir. Men bilan suhbat o‘tkazishganda ko‘nglimdagi ana shu niyatlarimni aytdim.

Ana shu ezgu niyatim amalga oshsa, hoji ona sifatida umrimning oxiriga qadar yanada ibratli umr kechirishni istayman.

Ma’suda aya Islomova (Samarqand shahri): 

– Joriy yilda Haj safariga borishni niyat qildim. Prezidentimizing Hastimom majmuasida ilgari surgan tashabbuslari, ya’ni “Hajga har tomonlama munosib insonlar borsin. Mahallada ibrat bo‘ladigan, yoshlarga nasihat qiladigan, adashgan insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan nuroniylar mana shunday tabarruk joylarga borsa qanday yaxshi”, degan fikrlari ochig‘i ezgu maqsadimni amalga oshirish ilinjida kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.

Mahallamizning ikki uch nafar faollarini olib, er-xotinning qaysarligi tufayli yaqindagina norasida farzandi bilan ajrashgan yosh oilani yarashtirish, bir ishning boshini tutmay, spirtli ichimlikka mukkasidan ketgan, oilasining issiq-sovug‘idan xabar olmay qo‘ygan qo‘shnimni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga harakat qildim.

Buni qarang, bejizga loqaydlik va befarqlik eng katta illat deyilmas ekan. Ajrashgan oilalarning kattalarini bir joyga chaqirib, biroz izza qildik. Farzand va nabiralarining ertangi taqdiri nechog‘lik ayanchli kechishini misol keltirdik. Ilohim, tuzalish yo‘liga kirib, yaxshi bo‘lib ketsin. Buni biz doimo nazorat qilib boramiz.

 

O‘zA