Kelasi yildan ekinlarni joylashtirish tartibi saqlangan holda g‘allachilik klasterlari va fermerlarga yetishtirgan bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqi beriladi.

Bunda har bir g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari 3 yil davomida har yilgi hosildan gektariga 2,5 tonna g‘allani birja savdolariga erkin narxlarda chiqaradi. Qolgan hosilni esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqi beriladi.

Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan g‘alla yetishtirishni imtiyozli kreditlash tartibi kelgusi 3 yilda saqlab qolinadi va bunga yiliga 5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Jamg‘arma 2,5 million tonna g‘allani birjadan bozor narxlarida davlat zaxirasi uchun sotib oladi.

Sotib olingan zaxira g‘alla donni saqlash quvvatlari mavjud g‘allachilik klasterlariga tanlov asosida saqlash uchun joylashtiriladi.

Shuningdek, “O‘zdonmahsulot” tarkibidagi donni qayta ishlash korxonalari negizida g‘alla klasterlari tashkil etish uchun ular ochiq savdolarga chiqariladi.

– Qaysi paxta-to‘qimachilik klasterlari yangi texnologiyalar olib kirib, g‘allachilik yo‘nalishida ham ishlash istagini bildirsa biz bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA