Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 oktyabr kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari poytaxtimizning Talabalar shaharchasida barpo etilgan Innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparkini borib ko‘rdi.

Unda uchta tizim – ta’lim, fan va ishlab chiqarish uyg‘unlashtirilgan. Bu yerda talabalar ilg‘or texnikalarni ko‘rib, ishlatib, «ko‘zi pishadi». Chizmalardan tayyor mahsulot yasashgacha bo‘lgan jarayon bilan amalda tanishib, malakali mutaxassis bo‘lib yetishadi. Muxtasar aytganda, ushbu texnopark “g‘oyalar generatori” bo‘lib xizmat qiladi.

Prezidentimiz bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Uch qavatli bino robototexnika, energetika, elektrotexnika va biotexnologiya bo‘yicha ilg‘or uskunalar bilan jihozlangan. Birinchi qavatda payvandlash, elektroeroziya, yog‘och va plastmassaga ishlov berish, startap xonalari va laboratoriyalar joylashgan. Yuqori qavatlardan o‘quv va kovorking xonalari, robototexnika, standartlashtirish, sport zallari, ma’muriyat, kutubxona, ofislar o‘rin olgan.

Davlatimiz rahbari texnoparkda boshqaruv kompaniyasi tashkil qilib, mahsulotlarni sotishni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.

– Besh yil oldin bunday markazlarga, laboratoriyalarga keladigan yoshlar kam edi. Borlarining ham daromadi yetishmasdi. Chunki ilmga pul yo‘q edi. Endi bu sharoitdan, uskunalardan foydalanib, yoshlarni bozorbop mahsulotlar tayyorlash va sotishga o‘rgatish kerak. Ular manfaat ko‘rsa, ruh paydo bo‘ladi, o‘zini shu sohaga bag‘ishlaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Texnika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari talabalarini ko‘proq jalb etib, amaliy saboqlarini shu yerda o‘tish, o‘quv dasturlarini ilg‘or texnologiyalardan kelib chiqib takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Innovatsion texnoparkda talabalarning amaliyot o‘tashi bepul, rezidentlar uchun soliq imtiyozlari joriy etilgan. Biologik tajribalar uchun issiqxona barpo etilgan.

Davlatimiz rahbari biotexnologiya laboratoriyasida amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishdi. Rezidentlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni targ‘ib qilish, ularni va yana shunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.

Prezident talabalar va yosh olimlar bilan suhbatlashdi. Shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham muloqot bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrining Yakkasaroy va Sergeli tumanlarida qurilgan yangi yo‘lni ko‘zdan kechirdi.

Poytaxtimiz ham iqtisodiyot, ham nufus jihatidan o‘sib bormoqda. So‘nggi yillarda shaxsiy avtomobillar 2-3 barobar ko‘payib, shahar ko‘chalarida bir kunda 700-800 mingdan ziyod transport harakatlanmoqda. Yana yarim milliondan ziyod odam kuniga poytaxtimizga kelib ketadi. Shu bois yo‘l infratuzilmasi hayot talabiga mos ravishda rivojlantirib borilmoqda.

Sergeli bilan Yakkasaroy tumanini bog‘laydigan qo‘shimcha yo‘l juda kerak edi. Bu loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. bugungi kunda Cho‘ponota ko‘chasidan Toshkent halqa yo‘ligacha qariyb 2 kilometrlik trassa qurib bitkazilgan. Uning Kichik halqa yo‘li ustidan o‘tgan qismida 788 metrlik ko‘prik va Toshkent halqa yo‘liga tutashgan joyida ikkita 207 metrlik yo‘l o‘tkazgich barpo etilgan.

Mazkur transport inshootlari bugundan ochildi.

Ushbu yangi yo‘l va ko‘priklar muhandislik yechimiga ko‘ra juda qulay. Birinchidan, mazkur yangi ko‘cha Toshkentning eng yirik transport arteriyalari – kichik va katta halqa yo‘llari bilan kesishadi. Ikkinchidan, transportlarning yangi ko‘prikka chiqishi ham, undan tushishi qulay. Hech qanday svetofor yoki qayrilib olishsiz, boshqalarga xalaqit bermagan holda keyingi yo‘nalishga qo‘shilib ketish mumkin.

Ayni paytda loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida jadal ish olib borilmoqda. Toshkent halqa yo‘lidan Qipchoq ko‘chasigacha bo‘lgan 4 kilometrdan ziyod yo‘l qurilmoqda.

Umuman, 6 qatorli mazkur yo‘l va ko‘priklar soatiga 12 mingtagacha avtotransportni o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi. Shu tariqa, Sergeli tumanidan shahar markaziga yetib borish vaqti oldingi 40-50 daqiqa o‘rniga 20 daqiqani tashkil qiladi. Yangi Sergeli ko‘chasidagi tirbandlik ikki baravarga qisqaradi.

Shu yerda yo‘lsozlik, obodonlashtirish va kommunal sohalarda qo‘llaniladigan maxsus texnikalar namoyish etildi.

 

Ziyodulla JONIBEKOV,

Avazbek XUDOYQULOV,

O‘zA muxbirlari