Qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvda qayd etilganidek, partiya mamlakatimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash, boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatdorlik, teng huquqlilik asosida hamkorlik va sherikchilikni faol rivojlantirish, yaxshi qo‘shnichilik, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tamoyillari asosida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashabbuskor xalqaro siyosat yuritish tarafdori.

Ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlarga qo‘shilishi masalalarini ko‘rib chiqish, bu borada xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, shu jumladan, inson huquqlari bo‘yicha muloqotlarni muntazam ravishda o‘tkazish, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va inson huquqlari masalasi yuzasidan xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kuchaytirish zarur.

Shuningdek, mintaqaviy barqaror ijtimoiy rivojlanish, muqobil energetika va zamonaviy tibbiyot sohalarida innovatsion dasturlar hamda loyihalarni birgalikda amalga oshirish maqsadida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, chet elda mehnat qilayotgan fuqarolarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilish maqsadida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga e’tibor qaratiladi.

Tashqi siyosat vazifalarini samarali amalga oshirish maqsadida parlamentlararo aloqa institutlarini rivojlantirish, gumanitar, madaniyat, san’at, ilm-fan, sport va turizm, nodavlat tashkilotlar hamda partiyalararo aloqalar sohalarida “xalq diplomatiyasi” usullarini qo‘llash, mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorlikni keng targ‘ib qilish maqsadida xalqaro axborot resurslaridan faol foydalanish kabi ijtimoiy-siyosiy mexanizmlar taklif etiladi.

 

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA