Qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvda ta’kidlanganidek, ichki bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar bilan to‘ldirish barqaror iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biridir.

Mahalliy hokimliklar darajasida hayot uchun muhim va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari hamda kundalik zarur tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rta muddatli hududiy dasturlarni shakllantirish va tasdiqlash lozim. Mazkur dasturlarni hududlarda ish o‘rinlari tashkil etishga doir davlat buyurtmalari hamda o‘rta maxsus, oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga muvofiqlashtirish zarur.

Shuningdek, hududiy rivojlantirish dasturlarida mahalliy sanoatning o‘sishi bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning samaradorligini oshirish, bu borada yer va suv resurslaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda qishloq xo‘jaligida natijadorlikni oshirish imkonini beradigan xo‘jalik yuritish shakllarini joriy qilish, shu asosda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning barqaror va samarali tizimini yaratish, qishloq infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va texnologiyalarini rivojlantirishga sarmoya kiritilishini ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari hamda qayta ishlash korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish kerak.

Ushbu vazifalar hal qilinishi orqali ichki bozorni arzon oziq-ovqat mahsulotlari va ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar bilan to‘ldirish, narxlarning keskin o‘sib ketishini oldini olish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda ularni qayta ishlash korxonalarida barqaror va yuqori haq to‘lanadigan yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash samaradorligini oshirishga erishiladi.

Iqtisodiyotni liberallashtirish va erkin bozor munosabatlari jamiyatni ijtimoiy rivojlantirish maqsadlariga erishish kafolatini bermaydi, deb hisoblaydi. Shu bois davlat va jamiyat tomonidan iqtisodiy rivojlanishni nazorat qilish hamda tartibga solish bo‘yicha demokratik tizimni shakllantirish lozim.

 

Dovud Abibullayev,  

Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA