Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning buxorolik saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.

–G‘oyat qiyin va og‘ir davrlarda ham ezgulik bayrog‘ini baland ko‘tarib maydonga chiqqan buxorolik Ahmad Donish, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Fayzulla Xo‘jayev, Abduvohid Burhonov singari fidoyi zotlar el-yurt dardi va taqdirini o‘ylab yashagan buyuk insonlar edi.

Ayniqsa, Turkiston jadidchilik harakatining dohiylaridan bo‘lgan arbob va adib, birinchi o‘zbek professori Abdurauf Fitratning bu boradagi xizmatlari tahsinga sazovordir. O‘tgan asrning 20-yillarida turkistonlik 70 nafar yigit-qizni Germaniyaga o‘qishga yuborishda bu ulug‘ siymoning qanday katta rol o‘ynaganini sizlar, albatta, yaxshi bilasiz.

Fitrat chet elga jo‘nab ketayotgan talabalarni Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi oldida Vatan manfaatlariga sodiq bo‘lish haqida qasamyod qildiradi. Qarang, qanday vatanparvarlik, fidoyilik namunasi bu!

Ulug‘ allomaning ona tilimiz, tarix va musiqa sohalarini rivojlantirishdagi beqiyos xizmatlarini e’tiborga olib, Buxoro shahrida Abdurauf Fitrat nomidagi o‘zbek tili va xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashgan ijod maktabi barpo etsak, nima deysizlar,– dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA