Saylov – 2021

Mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlari qizg‘in pallada davom etmoqda. Prezidentlikka nomzodlarning targ‘ibot-tashviqot ishlari, saylovchilar bilan uchrashuvlari jadal ruhda tashkil etilmoqda. O‘z navbatida, saylovchilarning saylov jarayonidagi ishtirokini ta’minlash, ularning siyosiy-huquqiy bilim va tajribalarini yanada boyitish borasidagi sa’y-harakatlar ham izchil davom ettirilyapti. Zero, ushbu siyosiy tadbir mamlakat va fuqarolar hayotida, ertangi kunimizning barqaror rivojlanishida o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Yurtimizda bo‘lib turgan xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xalqaro kuzatuvchilar ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bilan bog‘liq jarayonlarni muntazam kuzatib, o‘z xulosa va fikrlarini taqdim etib borayotgani e’tiborga molik. Shuningdek, mamlakatimizdagi saylov jarayonlari ko‘plab xorijiy ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va ekspertlar tomonidan ham tahlil qilinib, turli chiqishlar qilinmoqda.

Xususan, yaqinda Misrning yetakchi bosma nashrlaridan biri «Al-axbar al-Masay» gazetasida bosilib chiqqan maqolada O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasi haqida batafsil so‘z boradi. Unda bo‘lajak Prezident saylovini kuzatish uchun tegishli mintaqaviy va xalqaro tashkilotlarning ko‘plab  vakillari ishtirok etishi kutilayotgani alohida ta’kidlangan. Jumladan, O‘zbekistondagi saylov jarayonini yoritish uchun 930 dan ortiq mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ro‘yxatga olingani, 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovga respublikada hamda mamlakatning xorijiy davlatlardagi diplomatiya missiyalarida qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, maqolada Prezident saylovi yangi milliy saylov qonunchiligi asosida, umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlar hamda demokratiya tamoyillariga muvofiq ochiq va oshkora ravishda o‘tkazilishi alohida ta’kidlangan.

«Al-axbar al-Masay»da saylovchilarni Prezident saylovining mazmun-mohiyati, saylovning o‘ziga xos xususiyatlari, yangi qabul qilingan Saylov kodeksi, milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalardan xabardor qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotlarga ham keng o‘rin berilgan. Shuningdek, Prezident saylovi O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi nishonlanayotgan paytda bo‘lib o‘tayotganida ham chuqur ma’no borligiga urg‘u berilgan.

O‘zbekiston Prezidenti saylovi haqidagi bu kabi chiqishlardan yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Masalan, Eronda ingliz tilida chop etiladigan «Iran News» gazetasida ham «O‘zbekiston muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rmoqda» sarlavhali maqola chop etildi. Unda mamlakatimizning Tehrondagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifing tafsilotlari keltirilgan hamda yangi O‘zbekistonda saylov qonunchiligi va saylovni o‘tkazish amaliyotini bosqichma-bosqich takomillashtirish sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani alohida e’tirof etilgan.  Gazetada, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonida mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari va konsullik muassasalari huzurida 38 davlatda 54 saylov uchastkasi, 128 shaharda, shu jumladan, O‘zbekistonning diplomatiya vakolatxonalari bo‘lmagan 11 davlatda 316 qo‘shimcha mobil saylov uchastkasini tuzish rejalashtirilgani ham ta’kidlangan. O‘z navbatida, O‘zbekistonning Tehrondagi elchixonasida ham Eronda istiqomat qilayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan mamlakat fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirishi uchun saylov uchastkasi tuzilganligi qayd etilgan.

Yana shunday chiqishlardan biri O‘mon Sultonligining «Asdaa Oman» gazetasida «Saylovoldi tayyorgarlik ishlari yakunlangach, 24 oktyabr kuni O‘zbekistonda Prezident saylovlari o‘tkaziladi» sarlavhasi ostida chop etilgan. Maqolada O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Prezident saylovi kampaniyasining borishi,  mamlakatda va xorijdagi vakolatxonalar huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish uchun yaratilayotgan sharoitlar va nomzodlar haqida batafsil axborot berilgan. Shuningdek, O‘zbekiston saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar keltirilgan.

E’tirof etish kerakki, mamlakatimiz hayotidagi ushbu muhim tadbir ko‘plab xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari e’tibori va nigohida bo‘lib turgani saylov jarayonlarining yanada shaffof, adolatli, ochiq-oshkora, belgilangan tartib-qoidalar asosida o‘tishida alohida o‘rin tutadi. Qolaversa, xorijiy OAVda bu kabi ko‘plab chiqishlar yangi O‘zbekiston sharoitida o‘tayotgan saylov jarayonlariga nisbatan qiziqish yuqori ekanligini ko‘rsatadi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA