Prezident Shavkat Mirziyoyev joylardagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 8 oktyabr kuni Surxondaryo viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari o‘z safarini buyuk alloma Hakim at-Termiziy maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi.

Alloh taolodan yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab duo qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Shundan so‘ng Prezidentimiz Termiz shahridagi 9-ixtisoslashtirilgan maktab-internatini borib ko‘rdi.

Bu maktab 1979 yilda qurilgan. Binolar eski, xonalar kamligi tufayli talabga javob bermay qolgan. O‘quvchi o‘rni bor-yo‘g‘i 250 ta.

bugungi kunda maktab quvvatiga nisbatan 2 barobar ko‘p yuklama bilan ishlamoqda. Shuningdek, fan va sport to‘garaklarini tashkil etish uchun imkoniyat yetarli emas.

Shunga qaramay, ta’lim sifati juda yaxshi. O‘quvchilarning oliy ta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish ko‘rsatkichlari yuqori.

Qolaversa, atrofda yangi uylar qurilib, aholi soni ko‘payishi bilan maktabga talab oshib bormoqda.

Prezident ushbu muassasa o‘rnida 1 ming 500 o‘rinli zamonaviy maktab barpo etish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

– Mamlakatimiz bugun o‘z oldiga qo‘yayotgan maqsadlarni amalga oshiradiganlar – kadrlar. Muallimning obro‘yini ko‘tarib, ta’limni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymas ekanmiz, natija bo‘lmaydi. Shuning uchun kelgusi besh yilda maktablarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha yangi Milliy dastur qabul qilinadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari ushbu maktab o‘qituvchilari bilan suhbatlashdi. Ular maktab ta’limini yaxshilash va muallimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflarini aytdi.

Shu yerda Surxondaryo viloyatida umumta’lim tizimini rivojlantirish choralari muhokama qilindi. Surxondaryo viloyatida 96 ming qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Buning uchun 21 ta yangi maktab va 358 ta maktablarda yangi binolar quriladi, 116 ta maktab mukammal ta’mirlanadi. Axborot texnologiyalari, matematika, kimyo-biologiya fanlariga ixtisoslashgan 19 ta maktab tashkil etiladi.

Prezident Termiz shahridagi Guliston mahallasida bo‘ldi.

So‘nggi yillarda bu yerda yangi uylar, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, bolalar o‘yingohlari barpo qilindi. Hovlilarda yashovchilar yerdan unumli foydalanib, dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik bilan shug‘ullanadi.

Davlatimiz rahbari shu yerlik Saydulla Mirzayev xonadoniga kirib, oilaning yashash sharoitlari bilan tanishdi.

Oila boshlig‘i uzoq yillar cho‘ponlik qilgan. Turmush o‘rtog‘i Hosiyat aya bilan 6 nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Xonadon obod. Tomorqadagi issiqxonada limon ko‘chatlari ekilgan.

– Surxondaryo – Xudo bergan zamin. Bu yerda qishloq xo‘jaligidan bir yilda uch marta hosil olish mumkin. Shundan foydalanib, rivojlangan davlatlardan texnologiya olib kelib, mahsulotlarga bozor topishimiz kerak. Bu ham qo‘shimcha daromad, yangi ish o‘rinlari bo‘ladi, – dedi Prezident.

Saydulla ota bugungi kunda o‘g‘li tadbirkor, kelini shifokor bo‘lib ishlayotgani, nevaralari yaxshi ta’lim olayotgani, turmushiga shukr qilishini aytdi.

– Shukronalik – eng ezgu qadriyat, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Hozir yashash uchun ham, o‘qish, ishlash uchun ham hamma sharoit bor. Eng avvalo, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik bo‘lishi kerak.

Davlatimiz rahbari Termiz shahrining Manguzar mahallasida qurilgan zamonaviy ko‘p qavatli uylarni ham ko‘zdan kechirdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi. Davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.

 

M.ELMURODOV,

A.XUDOYQULOV,

X.MAMATRAYIMOV,

O‘zA muxbirlari