Mamlakatimiz delegatsiyaci Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkilotining 91-sessiyasida ishtirok etmoqda.

Sessiya doirasida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari va Jahon hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkiloti Bosh direktori Monika Elua o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda yurtimizda veterinariya sohasida olib borilayotgan islohotlar va ularni jadallashtirish yuzasidan fikr almashilib, 2023 yilning dekabr oyida Jahon hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkiloti ekspertlari tomonidan yurtimizda amalga oshirilgan Akvakultura missiyasi yakunlari sarhisob qilindi.

Shuningdek, missiya xulosasidagi tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha Jahon hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkilotining Ostonadagi subregional ofisi bilan hamkorlikda “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, veterinariya sohasida davlat-xususiy sherikchilik tamoyilini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.

Monika Elua ushbu masalalarda O‘zbekistonga yaqindan yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi.

Mamlakatimizda veterinariya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish hamda veterinariya xizmati salohiyatini baholash bo‘yicha PVS missiyasining ikkinchi bosqichini tashkillashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv so‘ngida joriy yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Jahon hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkiloti Yevropa mintaqaviy komissiyasining 31-konferensiyasiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilinib, tashkiliy masalalar bo‘yicha ishchi guruh faoliyatini tashkil etishga kelishildi.

O‘zA