Mo‘ynoq tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Rally Muynak – 2024” avtoralli bo‘yicha O‘zbekiston chempionati g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.
Uch kun davom etgan chempionatda mamlakatimizning barcha hududlaridan, shuningdek, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikalaridan 150 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi.
Musobaqa yakunida dvigatel hajmi 1600 sm3gacha “A-8” sinfi bo‘yicha birinchi o‘rinni Samarqand viloyatidan Fikrat Axtamov, Firuz Jumayev, ikkinchi o‘rinni Sirdaryo viloyatidan Nurbek Imomqulov, Asqar Hasanov, uchinchi o‘rinni Toshkent shahridan Kim Yevgeniy, Jamol Mirhosilov egallagan bo‘lsa, dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “A-9” sinfi bo‘yicha Toshkent shahridan Otamurod Sobirov Farrux O‘rinov birinchi, Buxoro viloyatidan Rashid Murodov va Qilich Narziqulov ikkinchi, Samarqand viloyatidan Shuhrat Obidjonov, Sergey Skvorsov uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. “Baggi” bo‘yicha Toshkent shahridan Ravshan Qobilov, Andijon viloyatidan Ilhom Ahmedov, Jizzax viloyatidan Shahboz Narziqulov sovrinli o‘rinlarni egalladi.
Dvigatel hajmi 125 sm3gacha bo‘lgan mototsikl bo‘yicha birinchi o‘rinni Navoiy viloyatidan Bogdan Saturyan, ikkinchi o‘rinni Buxoro viloyatidan Baxtiyor Ahmedov, uchinchi o‘rinni Buxoro viloyatidan Elbek Azamqulov qo‘lga kiritgan bo‘lsa, dvigatel hajmi 500 sm3gacha mototsikl bo‘yicha Buxoro viloyatidan Jasurbek Samatov birinchi, ushbu viloyatdan Bekzod Halimboyev ikkinchi, Doston A’zamqulov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
“Rally Muynak – 2024” avtomobil sporti musobaqalari g‘oliblariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini –100, 50, 15, 10, 5 million so‘mdan pul mukofotlari, shuningdek, g‘oliblar, murabbiylar va hakamlarga O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashining esdalik sovg‘alari ham topshirildi.
–Avtomotosport bilan 2006 yildan muntazam shug‘ullanib kelaman, –deydi musobaqa g‘olibi Bogdan Saturyan. – Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan o‘tkazilib kelinayotgan “Rally Muynak” musobaqasiga qiziqish ortib bormoqda. Joriy yilgi musobaqaga mamlakatimizdan tashqari qo‘shni davlatlardan ham sportchilarning ishtirok etganligi buning yaqqol isbotidir.
Musobaqa ishtirokchilariga san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari