Poytaxtimizda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti hamda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida “Keksalarning huquq va tanlovlarini ta’minlash: O‘zbekiston faol keksayish indeksini tadqiq etish” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda mamlakatimiz va xorijlik olimlar, ekspertlar, soha mutaxassislari ishtirok etdi.

“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari  Zulayho Mahkamova yangilanish jarayonlarida O‘zbekistonda oila va bolalar manfaatlarini ta’minlash, keksa avlod, imkoniyati cheklangan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoyalash, ular uchun zarur  sharoitlarni yaratish borasida keng qamrovli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Dunyoga ijtimoiy davlat sifatida tanilayotgan yangi O‘zbekistonda bu boradagi ijobiy o‘zgarishlar adolat, ochiqlik, tenglik, haqqoniylik tamoyillari asosida olib borilayotgani bilan ahamiyatli.

– Demografik o‘zgarishlar BMT dasturlarida muhim o‘rin tutadi, – dedi BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi doimiy vakili Nigina Abaszoda. – Bu dasturlarda keksalikka ham muammo, ham imkoniyat sifatida qaraladi. O‘zbekiston misolida oladigan bo‘lsak, mamlakatingizda keksalikka katta imkoniyat sifatida e’tibor qaratilayotgani guvohi bo‘lish mumkin. O‘zbekistonda yoshi keksalar muttasil va eng ko‘p ortib bormoqda. Bu xalq hayotining farovonlashuvi, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya sohalaridagi islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganidan dalolatdir. 2050 yilga kelib, keksalar soni sezilarli darajada ortishi  kutilmoqda. Yoshi ulug‘ insonlarni e’tiborsiz qoldirmaslik, faol keksayish indeksini yanada takomillashtirish dolzarbdir. O‘zbekiston faol keksayish indeksi, yoshi ulug‘ insonlarga hurmat va e’tibor ko‘rsatish bo‘yicha ibratli mamlakat sanaladi. Ko‘pincha keksalikka xavotir bilan qaraladi. Lekin O‘zbekistonda barcha oila a’zolarining birga yashashi, mahallalar tomonidan nuroniylarga katta e’tibor qaratilishi, kuchli ijtimoiy siyosatning olib borilayotgani diqqatga sazovor.

– Mamlakatimizda katta avlod vakillarining hurmatini joyiga qo‘yish, ularga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatishning aniq mexanizmi yaratilgan, – dedi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi o‘rinbosari Abdullo Aslonov. – Keksalarga munosib turmush sharoitini yaratish, salomatligini asrash, yolg‘iz, bemor nuroniylarning sog‘lig‘ini himoyalash bo‘yicha bir qator ijtimoiy-tibbiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda fuqarolarning pensiya yoshiga yetganida mehnat shartnomalarini saqlab qolish, ijtimoiy himoya tizimini yanada yaxshilash bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rilmoqda. Og‘ir xastaligi bor bemorlarni dori-darmon, protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlashdagi imtiyozlar, keksalarning sport bilan shug‘ullanishi uchun imtiyozli abonementlar tarqatish, teatrlar, sayohatlarga olib borishda qator imkoniyatlar ishga solinmoqda. Ayni paytda yolg‘iz keksalar uchun 11 yo‘nalishdagi axborot-servis ijtimoiy xizmati yo‘lga qo‘yilgani e’tiborlidir.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisining o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliyev O‘zbekistonda barcha toifadagi fuqarolarning huquq va manfaatlari teng ta’minlanayotgani, mehnat migratsiyasi munosabati bilan ijtimoiy sug‘urtani kuchaytirish, nafaqalarga qo‘shimcha haq to‘lashda korrupsiyaning oldini olish muhimligiga e’tibor qaratdi.

Davra suhbatida keksalarning salomatlik darajasi, iqtisodiy faolligi,  turmush sharoiti, jamiyatdagi o‘rni kabi masalalar atroflicha muhokama etildi. Yoshi ulug‘ kishilarning sog‘lom va faol umr ko‘rishi uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi. Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirokida taqdimotlar, ma’ruzalar, muhokamalar o‘tkazildi.

Jumladan, Moldova Milliy iqtisodiy tadqiqotlar instituti demografik tadqiqotlar markazi rahbari Mariana Buchuchanu-Vrabiye faol keksayish bo‘yicha milliy rejani ishlab chiqish va amaliyotga qo‘llash, bu borada Moldova tarjibasi xususida batafsil to‘xtaldi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining Keksayish va salomatlik masalalari bo‘yicha koordinatori Yongji Yong O‘zbekistonning sog‘lom va faol keksayish bo‘yicha milliy strategiyasi, harakat rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari haqida ma’lumot berdi.

2012 yilda BMT turli mamlakatlarda aholining faol va sog‘lom kesayishi uchun foydalanilmagan salohiyatini baholash maqsadida Faol keksayish indeksini joriy etdi. Unda keksalarning qay darajada mustaqil hayot kechirishi, haq to‘lanadigan mehnat va ijtimoiy faoliyatda qatnashishi, nuroniylarning faol keksayish imkoniyati o‘lchanadi. Indeks faol keksayishning kuchli va zaif tomonlarini ta’kidlab, siyosat va strategiyani ishlab chiqish haqida ma’lumot beradi.

O‘zbekiston hukumati faol keksayish indeksini ilgari surish tarafdori ekani ahamiyatlidir. Prezidentimizning 2022 yil 15 martdagi tegishli qarori bilan ilg‘or xalqaro tajriba asosida O‘zbekistonda faol keksayish indeksini joriy etish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjat ishlab chiqish belgilangan.

Davra suhbatida mamlakatimizda keksalarni sog‘lomlashtirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyani yanada yaxshilash zarurligi xususida so‘z bordi. Muhokama etilgan mavzu bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Nazokat Usmonova,

Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA