Joriy yilning 23 iyul kuni “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra:
— 2024–2026 yillarda Buxoro va Namangan viloyatlarida bittadan hamda Toshkent shahrida ikkita zargarlik markazlari tashkil etiladi;
— zargarlik markazlarida tadbirkorlik sub’ektlari uchun zarur infratuzilma yaratiladi;
— 2025 yil yakunigacha qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning yillik ishlab chiqarish hajmlari 1 milliard AQSH dollariga va eksport ko‘rsatkichi 100 million AQSH dollariga yetkaziladi.
2025 yil 1 yanvargacha zargarlik markazlarini tashkil etish uchun davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini yaxlit mulk sifatida yoki lotlar (qismlar va xonalar)ga bo‘lgan holda tadbirkorlik sub’ektlari va tijorat banklariga uzoq muddatli ijaraga yoki mulk huquqi asosida, qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlarida realizatsiya qilish choralari ko‘riladi.
Farmonga muvofiq tashkil etiladigan zargarlik markazlaridagi ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotishda:
— 90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga – foiz hisoblanmaydi;
— 91-kundan boshlab 180-kungacha amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga – yillik 3 foiz miqdorida foiz hisoblanadi.
Farmonga muvofiq, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar “Olmaliq KMK” AJ va “Navoiy KMK” AJ tomonidan uzluksiz ravishda zarur miqdordagi qimmatbaho metallar bilan ta’minlanadi.
2024 yil 1 sentyabrdan:
— “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lgan affinaj korxonalariga “Olmaliq KMK” AJ va “Navoiy KMK” AJdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida 100 foiz oldindan to‘lov shartlarida qimmatbaho metallarni sotib olish va keyinchalik ularni qulay bo‘lgan shakl va miqdorlarga keltirgan holda zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga sotish huquqi beriladi;
— zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga o‘zlari yasagan yarim tayyor zargarlik buyumlarini boshqa zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.
2024 yil 1 oktyabrdan 2027 yil 1 oktyabrgacha:
— zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlarini import qilishda maxsus turdagi tovarlar importi uchun litsenziya olish talabi bekor qilinadi;
— O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan va zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi.
Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 avgustdan xorijiy ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etish uchun olib chiqiladigan tayyor zargarlik buyumlarini “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimiga joylashtirishda yig‘im BHMning 1 baravari (340 ming so‘m) miqdorida undiriladi.
2024 yil 1 oktyabrdan 2027 yil 1 oktyabrgacha:
— belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi;
— “Uzbek Jewellery Fair” xalqaro ko‘rgazma savdosi doirasida O‘zbekistonning norezidentlari tomonidan respublika hududiga vaqtincha olib kiriladigan hamda keyinchalik qaytarib olib chiqiladigan zargarlik buyumlariga nisbatan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishda bojxona yig‘imlari undirilmaydi.
O‘zA