Farmon va sharh

O‘zbekistonda 414 ming nafardan ortiq o‘quvchi 11-sinfni tamomladi. Buni oddiy xabar sifatida qabul qilishimiz mumkin. Aslida, bu raqam shuncha yoshning katta hayotga qadam qo‘ygani, ularning qanday orzu-istaklari borligiga quloq tutishimiz zarurligini anglatadi.

Zero, ertasini o‘ylagan el bolasiga doimiy e’tiborda bo‘ladi. Farzandlar kamoli uchun borini berish xalqimizga xos qadriyat sanaladi. Bu qadriyat mamlakatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylanganining sababi ham shunda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yaqinda – 24 may kuni «Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Ushbu hujjat mamlakatimizda yoshlarga, shu yo‘nalishga daxldor sohalarga e’tiborning yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Farmon bilan 2024-2025 o‘quv yilidan O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari talabalariga davlat grantlari ikki shaklda – ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant va ta’lim granti sifatida ajratiladi. Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant qonunchilikda belgilangan imtiyoz bo‘yicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi.

Ta’lim granti davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oliy ta’lim tashkilotiga qabul qilingan talabalarga beriladi. Joriy yildan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta’lim granti bir o‘quv yili uchun ajratiladi. Grantni oliy o‘quv yurtlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan birinchi kurs talabalari oladi. Ta’lim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat to‘liq ta’lim grantini yutgan talabalarga to‘lanadi. Ya’ni, birinchi yilda grantga kirgan talaba OTMda «tekin» o‘qiydi va stipendiya oladi. Keyingi o‘quv yilida agar u kontraktga tushib ketsa, davlat hisobidan stipendiya olmaydi. Ikkinchi va undan yuqori kurslar mobaynida bir yillik grant yutgan talabalar ham shunday imtiyozga ega bo‘ladi. Ya’ni, bir yil mobaynida «tekin» o‘qiydi va davlat hisobidan stipendiya oladi. Shuningdek, ikkinchi va keyingi yillarda grantlar universitet tomonidan yuqori akademik reytingga erishgan va ijtimoiy faollik ko‘rsatgan talabalar o‘rtasida tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi. Bundan tashqari, ta’lim granti asosida o‘qigan talabalar uchun o‘qishni tugatgandan keyin kamida uch yil ishlash majburiyati bekor qilinadi.

Farmoniga ko‘ra, 2024−2025 o‘quv yilidan davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar «avval test, so‘ng tanlov» tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi. Bunda abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi. Bunda qabul jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5 iyundan 25 iyunga qadar (25 iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta’lim muassasasini tanlaydi.

Bunda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari tegishli vazirliklar (idoralar) tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. O‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.

Talaba bo‘lish oson emas, chunki oliy ta’limga bilimlilar saralab olinadi. Ta’limning bu bosqichi yoshlarga katta imkoniyat beradi. Ular olgan bilim, to‘plagan tajriba va yutuqlar kelajak sari yo‘lchi yulduzga aylanadi. Qabul qilingan yangi hujjat yoshlarning ilm yo‘lida yanada faol bo‘lishiga turtki bo‘ladi.

 

Shahnoza TOSHTEMIROVA,

O‘zA