Samarqand shahrida Soliq qo‘mitasi hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining Kavkaz, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston mintaqalarida salohiyatni oshirish markazi bilan hamkorlikda “Raqamlashtirish davrida soliq qonunchiligiga rioya qilish darajasini oshirish – bugun va kelajak” mavzusida xalqaro seminar tashkil etildi.

Unda Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikalari soliq idoralari, yirik auditorlik kompaniyalari mutaxassislari ishtirok etmoqda. Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev mamlakatimiz soliq siyosati, sohadagi yangiliklar, tizimning raqamlashtirilishi haqida ma’lumot berdi.

– Oxirgi besh yilda davlatimiz soliq ma’muriyatchiligida katta islohotlar amalga oshirildi, – deydi Mubin Mirzayev. – Sohada IT texnologiyalarining qo‘llanilishi ham soliq to‘lovchilarga, ham tizim xodimlariga katta qulayliklarni yaratdi. O‘z navbatida, bu soliq ishini yuritishda inson omilini kamaytirib, korrupsiyani cheklash imkonini berdi. Biz bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishimiz kerak. Shu ma’noda, seminarni o‘ziga xos tajriba almashish maydoni deyish mumkin. Unda o‘tgan vaqtdagi faoliyatimizga xorijiy mutaxassislar nigohi bilan qarab, baho berish, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni aniqlash imkoni bor.

Soliq va moliya tashkilotlari hamda Kavkaz, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston mintaqalarida salohiyatni oshirish markaziga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik platformasi deya tariflanayotgan tadbir sessiyalarga bo‘lingan holda 30 mayga qadar davom etadi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari