“Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Nukus shahrida “Ozarbayjon kinosi kuni” tadbiri bӯlib ӯtdi.
Shu munosabat bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Boku media markazi ijrochi direktori Orman Aliyev, “Ozerboyjonfilm” kinostudiyasi direktori Fariz Ahmadov, shuningdek, mamlakatimizdan taniqli kinoijodkorlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, 1968–1997 yillarda ӯtkazilgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi xalqaro kinofestivali davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalini nomi bilan qayta tiklandi. “Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat” shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan kinofestivalda xorijdan kӯplab ishtirokchilar, shu jumladan, taniqli kinoyulduzlar ishtirok etmoqda.
Mehmonlar qayta tiklangan kinofestivalning ahamiyati, unda namoyish etiladigan filmlar va kelgusidagi hamkorlik yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillariga to‘liq ma’lumot berdi.
– Bizni Nukus shahri aholisi yaxshi kutib oldi,–deydi Orman Aliyev. – Kinofestival doirasida kelgusidagi hamkorlik, yosh kinoijodkorlarning filmlarini namoyish etish masalalari ham muhokama etiladi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida ozarbayjonlik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Ichki orol” nomli film namoyish etildi. Ssenariy muallifi va rejissyori Rufat Gasanov tomonidan suratga olingan filmda xalqaro grossmeyster Seymur Toxirbekovning hayoti, sport sohasidagi yutuqlari hamda dramatik voqealar haqida sӯz yuritiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA