Xalqaro dzyudo federatsiyasining (IJF) joriy yilgi musobaqalar taqvimidan o‘rin olgan “Tashkent Grand Slam-2025” musobaqasi 28 fevral-2 mart kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadi. “Katta dubulg‘a” turkumidagi ushbu turnirda 5 qit’adan keladigan dzyudo yulduzlari musobaqa medallari uchun tatamiga chiqadi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida musobaqa ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “Tashkent Grand Slam-2025” turniriga ko‘rilayotgan tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda IJF yetakchi mutaxassisi Abdulla Murodov ham ishtirok etdi. O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bosh kotibi Aziz Sobirov, federatsiya raisi maslahatchisi Kseniya Gulyamova va boshqa mas’ullar tayyorgarlik yuzasidan axborot berdi.
Shuningdek, dzyudochilar, referilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, muxlislar uchun yaratiladigan sharoitlarga e’tibor qaratish zarurligi aytildi. Yurtimizga kelayotgan har bir mehmonni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, transport bilan ta’minlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida: 2024 yilgi “Tashkent Grand Slam” turnirida O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida Fransiya va Yaponiyadan keyin 3-o‘rinni egallagan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA