Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarining o‘n birinchi Xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tdi

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan forumda O‘zbekiston, Rossiya, Koreya, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vetnam, Indoneziya, Kambodja, Mongoliya, Myanma, Pokiston, Tailand, Filippin kabi davlatlar Oliy sudlari raislari va sudyalari ishtirok etdi.

Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi raisi V.Lebedev raisligida o‘tgan nufuzli anjumanda mintaqada odil sudlov va iqtisodiy integratsiyaning rivojlanishiga doir masalalar muhokama qilindi. Iqtisodiy nizolarni hal qilish va intellektual huquqlarning sud himoyasi bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi.

Jumladan, chet davlat sudlari va arbitraji qarorlarini tan olish va ijroga qaratish, nizolarni hal etishning muqobil usullari, iqtisodiy nizolar bo‘yicha sud himoyasining tezkor vositalari, ta’minlash choralarini qo‘llash haqida fikrlar bildirildi.

Tashqi iqtisodiy nizolarni hal etish uchun ixtisoslashgan sudlov, transchegaraviy nizolarni hal etish, chet ellik shaxslar bilan bog‘liq nizolarni hal etishda ishtirokchi davlatlar Oliy sudlari o‘rtasida xalqaro-huquqiy yordamning sudlov platformasini yaratish va shakllantirish masalalari yuzasidan tajriba almashildi.

Forum ishtirokchilari patentlangan texnologiyalarga adolatli, aqlli va tahqirsiz erishishni ta’minlash, sun’iy intellekt texnologiyalarining aylanishi va qo‘llanilishi bo‘yicha transchegaraviy nizolar, kontrafakt mahsulot aylanishiga qarshi kurashda sudlarning roli, tibbiyot sohasidagi patent nizolari va mintaqa davlatlarida parallel importga oid nizolar bo‘yicha amaliyotlar haqida ham so‘z yuritdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisi Kozimjon Komilov forum qatnashchilariga O‘zbekistondagi investitsiyaviy shart-sharoit haqida ma’lumot berdi. Investor va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlari kafolatli sud himoyasini ta’minlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirilgani ma’lum qilindi.

Mamlakatimizda tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari, Oliy sudda jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudlov tarkibining tashkil etilgani sud himoyasiga erishish darajasini yanada oshirgani qayd etildi.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani alohida qayd etildi.

 

N.Abduraimova, O‘zA